Gender tenglikning notengliklari
Bundan ikki yil avval ommaviy axborot vositalari vakillari uchun gender tenglik mavzuida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda gender tenglik, uning mamlakatimizdagi huquqiy asoslari, ushbu tushuncha zamiridagi ijobiy holatlar haqida so‘z yuritildi. Dunyo miqyosida va mamlakatimizda bu masalada olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Hech kimga sir emas, bu kabi yig‘ilishlarda gender tenglik desa, ensasi qotadigan kishilar ham hamma ma’lumotlarni indamay eshitib o‘tiradi. Ammo ich-ichida shu narsa bizga kerakmi o‘zi, milliyligimizga sirayam to‘g‘ri kelmaydiku, degan xayollar bilan o‘tiraveradi. Erkaklarniku, qo‘ying, hatto aksar ayollar ham shunday fikrda.
Xullas, shu xayollar bilan o‘tirgan shekilli, ommaviy axborot vositasi xodimlaridan biri yig‘ilish so‘ngida ekspertlarga savol bilan murojaat qildi:
-Xo‘sh, gender tenglikka erishmoqchi ekansizlar, unda ayollarning ish vaqtini qisqartiring, qonunchiligimizga shunaqa o‘zgartirish kiritilsin. Ayollar ishda kamroq mehnat qilib, uydagi vazifalarni ham uddalab qo‘ysin.
To‘g‘risi, ishtirokchilar ham, ekspertlar ham bu savoldan unchalik hayratlanishmaganidan, aksincha, uni tabiiy, deb qabul qilganidan hayron qoldim. Taklifingizni o‘rganib chiqamiz, deyishgani esa gender tenglik haqida tushuntiruvchidayam, tushunuvchidayam yetarli tushuncha yo‘qligini ko‘rsatib qo‘ydi. Hech kim aytmadiki, ayollar ish vaqtining hukumat tomonidan qisqartirilishi bu ularning ish topishida qator tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi va bu biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq muammolarga olib keladi. Uyda esa erkak, ayol yumushlarni teng taqsimlamasada, ammo birgalikda, yelkama-elka amalga oshirishi bu normal holatga aylanishi lozim. Shunday bo‘lmas ekan, bugun oiladagi muvozanat buzilaveradi, bu esa oilaning darz ketishiga sabab bo‘laveradi.
To‘g‘ri, ming yildan beri qotib, shakllanib qolgan tushunchalarimizga ko‘ra, erkak kishining, deylik, idish-tovoq yuvib o‘tirishi xayolimizga sig‘maydi. Ba’zi ayollarning o‘zi bu holatdan dod, deb yuborishi mumkin. Qishloq hududlarida esa hatto og‘ir ish bo‘lsada, erkak kishining ro‘zg‘orga suv tashib keltirishi ham uyatli holatga aylanib ulgurgan. Nega? Ro‘zg‘orda ayol kishiga yordam berishni, ayniqsa, qishloq hududlarida nega bunchalik illat darajasigacha tushirib qo‘yganmiz? Bu qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi o‘zi? Nega biz gender tenglik degan tushunchadan, u aslida nimadan iborat ekanini bilmay turib, bunchalik hayiqamiz?
Gender tengligi bu - erkaklar va xotin-qizlar tengligi, insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, gender tenglik iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning ham negizi hisoblanadi. Milliy qonunchiligimizga «gender» tushunchasi 2019 yil 3 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni bilan kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra, gender — xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu qonun bilan gender statistikasi - davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati to‘g‘risida har bir jins bo‘yicha alohida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritadigan qismi, gender-huquqiy ekspertiza - normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish kabi tushunchalar ham qonunchiligimizga kiritildi.
Ushbu qonunda agar shaxs o‘zini jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi, bunda jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmasligi, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmatlarga haq to‘lash qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning xohishiga ko‘ra, davlat hisobidan qoplanishi ham nazarda tutilgan.
Xabaringiz bor, yaqinda Samarqandda ilk bor Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkazildi. Unda xotin-qizlarni iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash nafaqat oilalarga, balki jamiyatga yirik foyda keltirilishi ta’kidlandi.
Ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tinchlik jarayonlarida ayollar va erkaklar teng vakil bo‘lgandagina barqaror tinchlikka erishish mumkin, - dedi o‘z nutqida BMTning Jenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valovaya. - Shuning uchun diplomatiyada gender tengligi faqat adolat masalasi emas, yanada keng qamrovli va barqaror tinchlik kelishuvlariga olib keladi.
Gender tengligi, shuningdek, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishning muhim omili bo‘lishi mumkin, ya’ni ayollar ta’lim, bandlik va resurslardan foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lsa, butun iqtisodiyot rivojlanadi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, agar gender bandligi tafovutlari bartaraf etilsa, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uzoq muddatli yalpi ichki mahsulot deyarli 20 foizga yuqori bo‘lar edi. Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga sarmoya kiritish shunchaki to‘g‘ri ish emas, bu - aqlli iqtisodiy strategiya.
Biroq dunyoda ayollar va qizlar muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda va 2030 yilgi kun tartibi xavf ostida. Ayollar va qizlarga nisbatan chuqur ildiz otgan diskriminatsiya saqlanib qolmoqda, bu tizimli tengsizlikka olib keladi, ayniqsa, siyosiy ishtirok, iqtisodiy imkoniyatlar va huquqiy himoya sohalarida.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining " Gender Snapshot - 2023" hisobotida aytilishicha, hozirgi rivojlanish suratida gender tengligiga to‘liq erishish endi qariyb 300 yil davom etishi mumkin.
Ushbu forum haqida axborot tayyorlab, sarlavhasiga unda bildirilgan bitta faktni misol tariqasida keltirdim: “Dunyodagi har uchinchi ayol zo‘ravonlikka uchramoqda”. Ba’zi hamkasblarim "bizda unday emas, bu statistikaga qanday qo‘shilamiz", deb e’tiroz bildirdi.
Uyida tarsaki yeb, ko‘chaga jilmayib chiqadigan ayollar bizda qancha ekanligini siz bilasizmi? Buning hisobini yurita olasizmi? Bu tarsakiga ham o‘zim aybdormanda, deb ertasi kuni unutvoradigan, “ering uradiku”, desa, kim aytdi, deya yoqasidan oladigan ayollar kammi? Ular bizning oramizdaku axir?! Nahot ularni ko‘rish qiyin bo‘lsa?
Xullas, ushbu forum doirasidagi xayollar bilan uyga kelib, beixtiyor oilaviy dasturxon atrofida ham shu haqda gaplasha boshladim. Aslida gender tenglik tushunchasi qo‘rqinchli emasku, nega uni qabul qilishimiz bunchalik qiyin, deya jon koyitgan bo‘ldim.
- Bo‘ldi, ovozingni o‘chir, bu haqda maqolangda aytasan, menga emas, - degan javobni eshitdim. Shu bilan gap tugadi...
Gulruh MO‘MINOVA.