Samarqand viloyati hokimligi qay tarzda “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi?
Xabar berganimizdek, "Gender tenglik faoli" respublika milliy ko‘rik-tanlovida Samarqand viloyati hokimligi “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Viloyat hokimligi tomonidan ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining boshqaruv apparati, viloyatda faoliyat olib borilayotgan korxona va tashkilotlar, hududiy boshqarmalarning rahbarlik lavozimlariga bilimli, fidoyi va tashabbuskor xotin-qizlarning 200 nafardan ortiq zaxirasi shakllantirildi.
Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga bosqichma-bosqich tayyorlash hamda ushbu zaxirani oshirib borish maqsadida munosib nomzodlar o‘rganilmoqda. Jumladan, bugungi kunda viloyatimizda bir nafar Oliy Majlis Senati a’zosi va shahar hokimi, bir nafar viloyat hokimining maslahatchisi, yetti nafar shahar va tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, bir nafar viloyat boshqarma boshlig‘i, bir nafar tuman prokurori, bir nafar oliy ta’lim muassasasi rektori (chet ellik), olti nafar oliy ta’lim muassasasi prorektori, bir nafar viloyat tijorat banki boshqaruvchisining o‘rinbosari va ikki nafar tuman tijorat bankining boshqaruvchilari, 10 nafardan ortiq shahar va tumanlar xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim hamda tibbiyot birlashmalari rahbarlari hamda 15 nafar kasaba uyushmalari qo‘mitalari raislari lavozimlarida xotin-qizlar samarali mehnat qilib kelmoqda. Shuni alohida qayd etib o‘tish lozimki, xotin-qizlar viloyat, shahar va tumanlardagi davlat va jamoat tashkilotlarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelishmoqda.
Viloyat bo‘yicha umumiy statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, rahbarlik lavozimlarida jami 8 925 nafar rahbar ayollar faoliyat olib bormoqda. Shundan, 32 nafari oliy ta’lim, 19 nafari o‘rta maxsus ta’lim, 1005 nafari xalq ta’limi, 724 nafari maktabgacha ta’lim, 167 nafari sog‘liqni saqlash, 108 nafari ishlab chiqarish, 232 nafari qishloq xo‘jaligi, 8 nafari qurilish sohasi, 32 nafari huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda, 116 nafari xizmat ko‘rsatish sohasida, 21 nafari madaniyat va san’at yo‘nalishida, 28 nafari hokimliklar tizimida, 5030 nafari xususiy sektorda, 1 296 nafari mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.
Ta’kidlash joizki, xotin-qizlar nafaqat viloyatdagi korxona va tashkilotlarda, balki xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlarining safida samarali deputatlik faoliyatini olib bormoqda. Misol uchun, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 60 nafar deputatlaridan 21 nafarini ayollar tashkil etadi.
Xotin-qizlar mehnatini munosib taqdirlash, ularga berilayotgan e’tiborning amaliy ifodasi sifatida 2021 yilda viloyatdan davlat mukofoti bilan taqdirlangan tashabbuskor davlat va jamoat tashkilotlari rahbar-xodimlaridan 17 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. Bundan tashqari, o‘tgan yillarda 54 nafar ayollar “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan hamda 26 nafar iqtidorli va iste’dodli qizlar “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Joriy yilning 10 mart kuni viloyat hokimligi tashabbusi bilan Samarqand shahar yoshlar markazida viloyatdagi “Iqtisodchi xotin-qizlar bilan uchrashuvi” o‘tkazilib, unda o‘z ish faoliyatlari va ilmiy izlanishlaridan kelib chiqib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan taklif va g‘oyalari tinglandi. Suhbat natijalariga ko‘ra, iqtisodchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni jonlantirish, ularni rahbarlikka tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yoshlarga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlarga “labbay” deb javob bera oladigan, intellektual jihatdan salohiyatli va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, teran fikrlaydigan, mustaqil dunyoqarashga ega yoshlarni saralab olishda joriy yilda viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida respublikamizda birinchi bo‘lib, “Samarqand ilmli qizlari” klublari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 120 nafar qiz ushbu klubning faol a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, viloyat hokimligi huzurida 2020 yilda tashkil etilgan, oliy ta’lim muassasalarini a’lo baholarga tamomlagan “Samarqand kelajak javohirlari” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda uning 848 nafar a’zolaridan 300 nafardan ortig‘ini qizlar tashkil etadi. Davlatimiz rahbari raisligida 2021 yil 26 fevral kuni xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlarining mas’uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi doirasida jami 81 ming 612 nafar xotin-qizlarga manzilli yordamlar ko‘rsatildi, bunda 174,3 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, 27 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 4,2 ming nafari tadbirkorlik ko‘nikmalarini shaklantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘qitildi, 7,7 ming nafariga 154,8 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Shuningdek, 7 600 nafar boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand ayollarni, 6 100 nafar 1, 2-guruh nogironligi bo‘lgan ayollarni, 1 850 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 27,6 mlrd. so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
363 nafar I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlab berildi, noturar joylarda va ijarada yashab kelayotgan 597 nafar ayol uy-joy bilan ta’minlandi. 16 ming tibbiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni davolash ishlari amalga oshirildi, ularning 106 nafarida murakkab jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi.
9 100 nafar xotin-qizlarga psixologik yordamlar ko‘rsatildi, 8 400 nafariga huquqiy maslahatlar berildi. Uy-joyga muhtoj bo‘lgan 120 nafar xotin-qizlarning boshlang‘ich to‘lovlari to‘lab berildi. Shu bilan bir qatorda ularning bandligini ta’minlash, moddiy yordam ko‘rsatish masalalarida qator ishlar amalga oshirildi.
Viloyat hokimligi tomonidan bundan keyin ham xotin-qizlar uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratish, ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Behzod Rahmatullayev,
Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari.