Endilikda qonun hujjatlari loyihalari gender tenglik mezonlari bo‘yicha huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan ayollar va erkaklar huquqlarining tengligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu Konstitutsiyada ham qat’iy belgilangan bo‘lib, Bosh qomusimizning 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi belgilangan.
Gender tengligi qonun hujjatlari bilan ham mustaxkamlangan bo‘lib, mamlakatimizda 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi ayollar huquqlarini yanada to‘laqonli himoya qilishga imkon yaratdi.
Shu o‘rinda, gender tenglik o‘zi nima, u qachon vujudga kelgan degan savol tug‘iladi. Gender tenglik - bu inson erkak yoki ayol bo‘lishidan qa’tiy nazar bir xil huquq va imkoniyatlarga ega ekanligidir.
Ta’kidlash lozimki, uzoq vaqt davomida ayollar erkaklar bilan teng bo‘lmagan pozitsiyalarida bo‘lganliklari hamda ayollarga milliy qonunchilik bilan mehnat, siyosiy, boshqaruv va boshqa sohalarda cheklovlar mavjudligi, aksariyat hollarda ayollar tazyiq ostida qolganligi xalqaro tashkilotlarning tuzilishi va maxsus xalqaro hujjatlarning qabul qilinishiga asos bo‘lgan.
Qonunlar va qonunosti hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish borasida ham gender tengligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020 yil 30 martdagi 192-son qarori qabul qilinib, endilikda barcha normativ-huquqiy xujjatlar boshqa mezonlar bilan birga gender huquqiy ekspertizadan ham o‘tkazilishi shartligi belgilandi.
Adliya organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari normalariga muvofiqligi, gender tenglik prinsiplarining har bir tarkibiy qismi (teng huquqlar, teng javobgarlik, teng imkoniyatlar, teng majburiyatlar) bilan o‘zaro muvofiqligiga (siyosiy, iqtisodiy, mehnat va boshqa ijtimoiy munosabatlarda amaldagi tengligi) alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlash davrning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Bu ayniqsa, so‘nggi yillarda butunjahon xalqaro tashkilotlari tomonidan ilgari surilayogan asosiy masalalardan biri sanaladi. Shu bois qonun hujjatlari loyihalarini gender tenglik mezonlari bo‘yicha ham huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, shubhasiz, normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirishga hamda davlatimizning jahon hamjamiyatida inson huquqlarini ta’minlash sohasida munosib o‘rin egallashiga zamin yaratadi.
Dildora YuLDAShEVA,
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi huquqiy ekspertiza va yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i.