10 kunda 211 shaxs hujjatli bo‘ldi

Samarqand shahar So‘g‘diyona mahallasidagi xonadonlarning birida ijarada yashab kelayotgan Nilufar Kazimova hayotning ko‘p achchiq-chuchuklarini tatib ko‘rdi. Besh farzandni ming bir mashaqqat bilan o‘stirmoqda.

Bolalari Rossiyada tug‘ilgan, kattasi 12 yoshda, hash-pash deguncha pasport olishi kerak. Ammo bolalarning 4 nafari bugunga qadar hech qanday hujjatga ega emas, boshqacha aytganda, rasman fuqaro sifatida qayd qilinmagan.

U bolalariga guvohnoma olish uchun harakat qilib ko‘rdi. Lekin bir olam hujjat to‘plash, eshikma-eshik yurish samara bermadi va u taqdirga tan berib qo‘ya qolgandi. 

Shu kunlarda adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan  “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi Nilufar va farzandlari joniga oro kirdi. 

So‘g‘diyona mahallasidagi xatlov jarayonida N.Kazimovaning muammosi ham qayd etildi. Shunda ham ba’zi mas’ullar tomonidan uning ushbu mahallada ijarada yashashi ro‘kach qilinib, yordam berishdan bo‘yin tovlash hollari bo‘ldi. Adliya aralashuvi bilan hammasi qonuniy yechim topdi. 

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshchiligida Samarqand shahar adliya bo‘limi 4-son Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatilib, to‘rt farzandiga ham tug‘ilganlik guvohnomasi bepul rasmiylashtirilib berildi.

Bolalarga guvohnomalar bilan birga Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan esdalik sovg‘alari ham berildi. 

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, huquqiy aksiyaning dastlabki o‘n kunida viloyat bo‘yicha 211 nafar shaxsga zarur hujjatlar rasmiylashtirilib berildi.

Jumladan, 21 nafar shaxsning tug‘ilishi, 15 nafar shaxsning yaqin qarindoshi o‘limi qayd etilib, guvohnomalar berildi. Shuningdek, 19 nafar shaxsga tug‘ilganlik va o‘lim haqida takroriy guvohnomalar rasmiylashtirildi. 5 nafar shaxs ID-karta oldi, 151 nafar shaxsga tegishli tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.