16 yoshga to‘lmagan bolaning ismi qay tartibda o‘zgartiriladi?
- Farzandim hali 16 yoshga to‘lmagan, uning ismini o‘zgartirmoqchimiz. Buning tartibi qanday, - deya savol berdi Samarqand shahrida yashovchi Sh.Soatova.
Savolga Samarqand shahar 2-son FXDYo bo‘limi mudirasi Shohida Nurullayeva quyidagicha javob berdi:
- O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar kiritish ularning ota-onasining yoki qonuniy vakillarining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Bolaning ismini almashtirish uchun uning tug‘ilganligi qayd etilgan FXDYo bo‘limiga ota-onasi shaxsini tasdiqlovchi hujjat, nikoh guvohnomasi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asli bilan murojaat etishi kerak. Ota-ona belgilangan shakldagi arizani to‘ldirgach, 10 foiz davlat boji, 15 foiz gerb yig‘imi va 5 foiz pullik xizmat to‘lovi amalga oshiradi. Shundan so‘ng, belgilangan muddat ichida bolaning o‘zgartirilgan ism bilan rasmiylashtirilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma beriladi.
Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.