Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish narxi ma’lum qilindi

2021 yil 1 fevraldan bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 245 ming so‘m qilib belgilandi. Shunga ko‘ra:

🔸 Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma uchun faqat gerb yig‘imi undiriladi, ya’ni BHMning 15 foizi – 36 750 so‘m belgilangan.

🔸 Tug‘ilganlik haqidagi takroran guvohnoma uchun: jami 73 500 so‘m undiriladi, jumladan, davlat boji 15 foiz – 36 750 so‘m, gerb yig‘imi 15 foiz – 36 750 so‘m.

🔸 Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani joyiga chiqib, tantanali vaziyatda berish gerb yig‘imi BHMning 15 foizi – 36 750 so‘m hamda 50 foizi – 122 500 so‘m pullik xizmat undiriladi.

Bola tug‘ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug‘ilganidan so‘ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni “Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish” axborot almashinuvi tizimiga kiritadi.

Ma’lumotlar avtomatik ravishda "FHDYo yagona elektron arxivi" axborot tizimiga yuboriladi. FHDYo bo‘limi ma’lumotlarni qabul qilib olganidan so‘ng 3 ish soati ichida ko‘rib chiqadi va bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtiradi.

Ma’lumotlar kompleks tartibda boshqa xizmatlarni ko‘rsatish uchun avtomatik ravishda ichki ishlar, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi axborot tizimlariga yuboriladi.  Shunga ko‘ra:

🔹 tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limi – bolani 1 kun ichida tegishli manzil bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yadi;

🔹 Maktabgacha ta’lim vazirligi – maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimida so‘rovda ko‘rsatilgan bog‘chaga bolani avtomatik ravishda navbatga qo‘yadi;

🔹 Sog‘liqni saqlash vazirligi – 1 ish kuni ichida ona ro‘yxatda turgan poliklinikaga (ro‘yxatda turmagan taqdirda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan yashash manzilidagi poliklinikaga) bolani ro‘yxatga qo‘yadi;

🔹 Pensiya jamg‘armasi bo‘limi – farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini avtomatik ravishda rasmiylashtiradi.  

Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari Toshkent va Nukus shaharlarida 2021 yil 1 fevraldan, barcha viloyat markazlarida 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab butun respublika hududida ko‘rsatiladi.

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ma’lumot berdi.