Urgutda to‘rt kunda 214 nafar bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma berildi
Ota-ona farzand ko‘rganida zurriyodi kamolot cho‘qqisini egallashini, mazmunli hayot kechirishini, Vataniga sodiq xizmat qiladigan farzand bo‘lib ulg‘ayishini orzu qiladi. Lekin hayotda har doim ham insonlar orzu qilganidek bo‘lmas ekan. Ba’zi muammolar, oilaviy qiyinchiliklar yoki ba’zi ota-onalarning e’tiborsizligi oqibatida ayrim oila farzandlari tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarsiz ulg‘ayib kelayotgani aniqlanmoqda.
Shunga o‘xshash holatlar Urgut tumanida kuzatildi. Yaqinda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mazkur tumanda bo‘lib, tuman aholisini qiynab kelayotgan mummolarni tingladi. Turli sohalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, 214 holatda tuman hududidagi ayrim mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilib kelayotgan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillarining farzandlari tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. Viloyat hokimi ushbu murojaatlarni ijobiy hal etish yuzasidan tuman hokimligi, sektor rahbarlari hamda FHDYo bo‘limiga zaruriy ko‘rsatmalar berdi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan Urgut tumanidagi ushbu holatlar bo‘yicha sayyor tartibda o‘tkazilgan tadbirlarda haqiqatdan ham yuqoridagi holatlar o‘z isbotini topdi. Ayrim oilalarda hattoki, farzandi maktabni bitirish arafasida bo‘lishiga qaramasdan, tug‘ilganlik guvohnomasiga ega emasligi kishini taajjubga soldi. Dastlab, ushbu muammolarning sabablari tahlil qilindi.
Urgut tumani aholi soni jihatidan viloyatning eng katta hududlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, eng ko‘p tug‘ilish ham Urgutda qayd etiladi.
Sayyor tartibda mahallalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu tumanda ko‘pchilik oilalarning farzandlari uyda tug‘ilishi kabi holatlar ko‘p kuzatilar ekan. Aynan mana shunday holatlar yuqoridagi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki uyda tug‘ilgan farzandga tug‘ilganlik guvohnomasini olishda ayrim ota-onalarning beparvoligidanmi yoki haqiqatdan ham oilaviy yetishmovchilik boismi, masala e’tiborsiz qolib ketadi. Mana shunday salbiy holatlarning yillar davomida yuzaga chiqishi esa o‘sha payti arzimas tuyulgan oddiy bir ishning katta muammoga aylanishiga olib keladi. Buning jabrini esa afsuski, farzandlar ko‘rayotganligi achinarli hol.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Azizov boshchiligida Urgut tumani 1- va 2-FHDYo bo‘limlari xodimlari tomonidan tumandagi 214 ta oilalarning turmush sharoitlari joyiga borib o‘rganildi. Xususan, tumanning 1-sektor hududidagi 50 ta, 2-sektorda 54 ta, 3-sektorda 69 ta hamda 4-sektor hududi bo‘yicha 41 nafar bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari mavjud emasligi aniqlandi.
Tuman hokimligi hamda sektor rahbarlari bilan hamkorlikda ushbu masalalar ijobiy hal etildi. 4 kun ichida 214 nafar bolalarning barchasi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarga ega bo‘ldi. Guvohonamalar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Azizov hamda tumandagi 1- va 2-FHDYo xodimlari tomonidan joyida, sayyor tartibda topshirildi.
Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlarida mahalla faollari hamda fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, aholini qiynab kelayotgan muammolari tinglandi. Ularning murojaatlari yuzasidan huquqiy tushuncha hamda ma’lumotlar berildi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.