Dastur va rejalar ijrosi viloyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining asosini tashkil etadi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttizinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiya ishini viloyat Kengashi raisi Sh.Negmatov boshqardi.
Kun tartibiga muvofiq, dastlab O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2025 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti tashqi audit va baholashdan o‘tkazilganligi yuzasidan axborot ko‘rib chiqildi.
Bu haqda Hisob palatasining viloyatdagi vakili Abubakr Salomov, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Oqbo‘tayev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i F.Boboyev ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2025 yil yakuni bilan viloyat yalpi hududiy mahsuloti 2024 yilga nisbatan 8 foizga o‘sib, 121,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida qishloq xo‘jaligi 34,0 trillion so‘m, sanoat 20,8 trillion so‘m, qurilish 7,6 trillion so‘m, xizmat ko‘rsatish sohasi 57 trillion so‘m hamda sof soliqlar 2 trillion so‘mni tashkil etgan. Mahalliy byudjet daromadlari 2025 yilda 6 trillion 483 milliard so‘mga yetib, 2024 yilga nisbatan 22 foizga oshgan.
Hisobot yilidagi daromadlar 2024 yilga nisbatan bevosita soliqlar, jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 621,8 milliard so‘m, bilvosita soliqlar 71,2 milliard so‘m, resurs to‘lovlari va mol-mulk solig‘i 272 milliard so‘m, boshqa daromadlar va soliq bo‘lmagan tushumlar bo‘yicha 205,2 milliard so‘mga oshgan. Shu bilan birga, 2025 yil davomida respublika byudjetidan viloyat byudjetiga 4 389,4 milliard so‘m ajratilgan.
Viloyat mahalliy byudjeti xarajatlari 2025 yilda oldingi davrga nisbatan 35,9 foizga o‘sgan hamda hisobot davrida byudjet xarajatlari ijrosi 10 556,4 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Hisob palatasi tomonidan viloyat mahalliy byudjetining 2025 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tashqi audit va baholashdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha bir qator tavsiya va ko‘rsatmalar berilgani ham ta’kidlandi. Jumladan, byudjet daromadlari qamrovi tahlil qilinganda, yashirin iqtisodiyotni kamaytirish hamda soliq ma’murchiligini kuchaytirish orqali 338 milliard so‘m qo‘shimcha daromadlar tushirish imkoniyatlari mavjudligi aniqlangan.
Mazkur masala muhokamasi chog‘ida viloyat hokimi A.Boboyev iqtisodiyot va moliya boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi idoralar Hisob palatasi tomonidan berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarishi, o‘tgan yil yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bu yil takrorlanmasligi zarurligini qayd etdi.
Shundan so‘ng “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining viloyatdagi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Egamovning hisoboti tinglandi.
Hisobotda keltirilishicha, 2025 yil davomida viloyat bo‘yicha 89 ta aktiv auksion savdolariga chiqarilib, 485,5 milliard so‘mga sotilgan. 2026 yil 1 yanvar holatiga auksion savdosida turgan aktivlar soni 41 tani (boshlang‘ich narxi 153,6 mlrd.so‘m) tashkil qilgan. Yilning birinchi choragida 17 ta aktiv 67,9 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilib, shu paytgacha 21 tasi 96,1 milliard so‘mga sotilgan. Shuningdek, joriy yilda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 388,2 gektar yer uchastkalari (354,2 gektari sanoat zonalarida) 49,0 milliard so‘mlik boshlang‘ich qiymat bilan auksion savdolariga chiqarilib, shu paytgacha 171,1 gektari (111,5 gektari sanoat zonalarida) 35,5 milliard so‘mga sotilishi ta’minlangan.
– Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 apreldagi “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, viloyatimizdagi 10 ta jamiyatdagi davlat ulushlarini hamda 64 ta ko‘chmas mulk ob’yektini savdoga chiqarish belgilangan, – dedi A.Egamov. – Mazkur aktivlarning 59 tasi 129, 4 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan savdoga chiqarilib, 42 tasi 87 milliard so‘mga sotilgan. 2 ta aktivni xususiylashtirish jarayonlari vaqtincha to‘xtatildi, 2 ta aktiv bo‘yicha tijorat banklari tomonidan kredit ta’minoti sifatida taqiq qo‘yilgan, 3 ta stomatologiya poliklinikalarining tashkiliy-huquqiy shakli belgilangan tartibda MChJga aylantirilmoqda. Ayni paytda yangi xususiylashtirish dasturi bo‘yicha viloyatdagi 63 ta davlat mulk ob’yektini ommaviy savdolarga chiqarish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yil yakuniga qadar 800 gektar noqishloq xo‘jalik yer uchastkalarini savdoga chiqarish va 140 milliard so‘mga sotish rejalashtirilgan.
Sessiyada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili O.Toshniyozov 2025 yilda viloyatda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilgan ishlar haqida axborot berdi.
O.Toshniyozovning ma’lum qilishicha, 2025 yil davomida mintaqaviy vakilga 586 ta murojaat kelib tushgan va 2024 yilga nisbatan soni 254 taga ko‘paygan. Murojaatlarning 52 tasi ijobiy hal qilingan, 146 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan, 244 ta murojaat taalluqliligi va 8 ta murojaat hududiyligi bo‘yicha tegishli organlarga yuborilgan. Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Samarqand shahar (110 ta), Past Darg‘om (55 ta) va Paxtachi (25 ta) tumanlaridan kelib tushgan.
Murojaatlarda asosan mehnat munosabatlari, ish haqi va kompensatsiya to‘lovlarini undirish, aliment to‘lovlari, ijtimoiy yordam, pensiya va nafaqa ta’minoti, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, uy-joy, yer, kommunal xizmatlar, sud hujjatlari ijrosi, tergov va jazoni ijro etish jarayonlari bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.
Deputatlar axborot yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, uni ma’qulladilar.
Shundan keyin sessiyada viloyatda 2026 yilda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini kafolatli yetkazib berish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xarita”sini tasdiqlash, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, Bulung‘ur, Jomboy, Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Narpay, Payariq, Past Darg‘om, Paxtachi, Samarqand, Nurobod, Urgut, Toyloq tumanlaridagi shahar, shaharcha va qishloqlar (ma’muriy-hududiy birliklar) chegaralarini belgilash, viloyat mahalliy byudjetining 2026 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘laridan foydalanish, 2026-2028 yillarda yer uchastkalarining suv ta’minotini yaxshilash, yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritishga qaratilgan dasturni tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, viloyat hokimining 2026 yil 1 maydagi “Samarqand viloyati hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va hokimlik boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Yangilangan tuzilmada viloyat hokimining rasmiy delegatsiyalarning tashrifi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi ham kiritilgan.
Sessiyada “Toshkent – Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish” hamda “Taxtaqoracha dovonida yangi pullik tonnel qurish” loyiha konsepsiyalari ham ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.