Samarqand shahridagi tug‘ruq majmualarida tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun ortiqcha hujjatlar talab qilingan

Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti”da belgilangan tartib va muddatlariga rioya etilishi o‘rganilganda bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Qonunchilikka ko‘ra, bola tug‘ilganidan so‘ng 1 ish kuni ichida o‘sha joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola va unga beriladigan ism, familiya va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi haqidagi ma’lumotlarni tegishli axborot almashinuvi tizimiga kiritishi hamda FHDYo bo‘limi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini belgilangan tartibda qayd etib, QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomani tibbiyot muassasasiga yuborgandan so‘ng, uni ariza beruvchilarga chop etib berishi belgilangan. Biroq tibbiyot muassasalari tomonidan ushbu talablarga amal qilinmagan.

Xususan, Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasida 20 ta ana shu holatda 1 kundan 3 kungacha muddat buzilishiga yo‘l qo‘ygan. Shuningdek, mas’ul xodim xonasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti to‘g‘risidagi Nizom” talablariga zid ravishda 20 ga yaqin fuqarolarning (ota-onalar) pasportlari va boshqa ma’lumotlari tizimga kiritish uchun saqlanayotganligi aniqlangan.

Fuqaro A.N. 2022 yil 9 may kuni farzandli bo‘lganiga qaramay Ishtixon tuman tibbiyot muassasasi tomonidan tug‘ilishni elektron tizimda 2022 yil 13 may kuni qayd etgan. Bu kabi qonunbuzilishlar Jomboy, Oqdaryo, Payariq, Past Darg‘om, Samarqand (7 ta), Qo‘shrabot (13 ta ) va Narpay (15 ta) tumanlarida ham takrorlangan.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasalari tomonidan tug‘ilishni qayd qilishda fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilinganligi ham kuzatilgan. Masalan, Samarqand shahar 2-son tug‘ruqxonasida tug‘ilishni qayd qilish bilan bog‘liq davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida fuqarolar A.P, P.M, L.X, G.S.ning pasport, biometrik pasport va tug‘ilganlik guvohnomasi nusxalari, fotosuratlari talab qilib olingan. Bu kabi holatlar Samarqand shahar 1-son tug‘ruq majmuasi, 2 va 3-son tug‘ruqxonalarda 100 dan ortiq holatda takrorlangan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti”ga asosan, davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi va muddatlariga rioya etish ahvoli o‘rganilganda reglamentning 6-bandi va 2-ilova talablariga amal qilinmaganligi oydinlashdi.  

Masalan, Jomboy tumani tibbiyot muassasasi tomonidan Holvoyi mahallasida yashagan S.A. joriy yilning 11 may kuni vafot etgan bo‘lishiga qaramay, o‘lim haqida ma’lumotnoma elektron tizimga joriy yilning 15 may kuni, ya’ni 4 kundan so‘ng kiritilgan. Samarqand mahallasida yashagan F.I. esa joriy yilning 21 mart kuni tibbiyot birlashmasida vafot etgan. Ammo bu haqdagi ma’lumot elektron tizim orqali FHDYo bo‘limiga 9 kun kechiktirib yuborilgan. Xuddi shu kabi holat yana 136 ta holatda takrorlangan. Bunga Narpay Oqdaryo, Payariq, Past Darg‘om, Paxtachi tumanlari hamda Samarqand shahar tibbiyot muassasalarida ham yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, marhum haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnoma o‘rniga qo‘lda to‘ldirilgan tibbiy guvohnoma yoki boshqa hujjat berilgan. Jumladan, Jomboy tumani tibbiyot muassasasi tomonidan joriy yilning 1 may kuni fuqaro B.E.ning uyida vafot etganligi haqida elektron tizimda shakllantirilmagan (qog‘oz shaklidagi tibbiy guvohnoma) o‘lim haqida tibbiy guvohnoma 12 may kuni rasmiylashtirilib, marhumning qarindoshlariga FHDYo bo‘limiga murojaat qilishi uchun berilgan. Bunga o‘xshash holatlar Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi va uning tarkibidagi 1, 3, 4, 5, 7, 9, 10-son oilaviy poliklinikalar tomonidan 200 dan ortiq o‘limni qayd etish bilan bog‘liq davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ham takrorlangan.

O‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnoma berish joylarda markazlashgan holda, ya’ni faqatgina markaziy tibbiyot birlashmasidan berilishi, oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalarda ma’lumotnoma berish tizimi joriy qilinmaganligi aniqlangan. Oqibatda Nurobod tuman markazidan 110 km. uzoqlikdagi Sahoba, Tutli, G‘o‘bdin mahallalari, Qo‘shrabot tuman markazidan 70 km. masofadagi Jonbuloq kabi mahalla fuqarolari vafot etgan shaxsning o‘lim haqidagi ma’lumotnomani olish uchun tuman markaziga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bunday noqulayliklar viloyatdagi aksariyat tumanlarning markazdan olis hududlarida ham mavjud. 

Albatta, aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha mas’ullar qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish esa boshqa fuqarolarning huquqlari poymol etilishining oldini oladi.

Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati.