Adliya boshqarmasi: SamDU Kattaqo‘rg‘on shahar filiali o‘qituvchisi bosim bilan, nohaq ishdan bo‘shatilgan

Kattaqo‘rg‘onda o‘qituvchi noqonuniy ishdan bo‘shatilgan. SamDU Kattaqo‘rg‘on shahar filiali stajyor o‘qituvchisi X.Abdullayevani filialning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti dekani va bir guruh mas’ullar o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozish, bo‘lmasa “statya” bilan ishdan bo‘shatib yuborish bilan qo‘rqitishgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, filial rahbariyati fuqaroga ichki mehnat tartib-qoidalarini buzib kelayotganligi va kafedra bilan aloqani uzib qo‘yishi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘la turib, kasallik varaqasini taqdim etmagani, shuningdek, 2022 yil 5 yanvardan 2002 yil 8 fevralgacha 28 ish kuni mobaynida ishda bo‘lmaganligini ro‘kach qilgan. X.Abdullayeva esa mazkur muddat davomida og‘zaki ruxsat olib, onlayn tarzda talabalarga dars berib kelgan.

Bo‘lib o‘tgan tortishuvlardan so‘ng u o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozishga majbur bo‘lgan. Buning ustiga fuqaro 17-18 fevral kunlari ishda bo‘lgan va arizani ham 17 fevral kuni yozgan bo‘lsa-da, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi filial direktorining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, 2022 yilning 17 fevralidan emas, 14 fevralidan bekor qilingan. Bu holat esa Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on shahar filiali ichki tartib-qoidalarining 23-bandiga zid.

Ya’ni, ushbu bandda xodim tomonidan berilgan ariza u berilgan kun va keyingi kundan kechiktirmay filial direktoriga taqdim etilishi, xodimning arizasi uzrli sabablarga ko‘ra ishni davom ettirishning imkoni bo‘lmagan hollarda u berilgan kundan filial direktoriga taqdim etilishi belgilangan. Bundan ko‘rinadiki, filial rahbariyati o‘z ichki-tartib qoidalariga o‘zlari ham amal qilmaydi.

Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasining joriy yil 19 fevral kungi ma’lumotnomasida X.Abdullayeva 27-28 haftalik homilador ekanligi ko‘rsatilgan. Vaholanki, Mehnat kodeksining 237-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish mumkin emas. Korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, albatta. Ish beruvchi buni bilgan holda xodimga ishdan o‘z xohishi bilan bo‘shash haqida ariza yozish yoki o‘zlari ishdan bo‘shatishlari to‘g‘risida shart qo‘yib, kodeksning yuqorida qayd etilgan moddasi talablarini ochiqdan-ochiq buzgan.

X.Abdullayevaning Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on shahar filiali tomonidan noqonuniy ravishda bo‘shatilganligi holati yuzasidan norozi bo‘lib yozgan murojati Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqilib, mehnat shartnomasini bekor qilishda filial tomonidan bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Shu asosda fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Sudda filial vakillari tomonidan keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Xodimning ishni davom ettira olmaslik holatini tasdiqlovchi tibbiy xulosa mavjud emasligi aniqlanib, filial mas’ullari nizoni ko‘rish vaqtida mehnat shartnomasini bekor qilish qonuniy ekanini isbotlab bera olishmadi.

Sudning 2022 yil 25 apreldagi hal qiluv qaroriga asosan Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limining da’vo arizasi qanoatlantirilib, X.Abdullayeva Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialiga 0,50 shtat birligida gumanitar fanlar kafedrasiga stajyor o‘qituvchi vazifasiga ishga tiklandi. Filial zimmasiga fuqaroning majburiy bekor yurgan vaqtlari uchun 6 088 192 so‘m ish haqi va mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy bekor qilganligi oqibatida yetkazilgan ma’naviy ziyon uchun 3 043 096 so‘m ma’naviy zarar undirish majburiyati yuklatildi.

Shuningdek, sud tomonidan filialda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini kelgusida oldini olish va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish uchun Samarqand davlat universiteti rektori nomiga xususiy ajrim chiqardi, deyiladi adliya boshqarmasi xabarida.

M.Hasanov,
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi axborot xizmati rahbari.