Adliya boshqarmasi: Nurobodda fermer yeri soxta ariza bilan hokimlik zaxirasiga qaytarilgan
Viloyat adliya boshqarmasi xabariga ko‘ra, Nurobodda fermer xo‘jaligi nomidan soxta ariza yozilib, unga tegishli yer tuman hokimligining zaxira yerlari hisobiga qaytarilgan. Tuman adliya bo‘limiga kelib tushgan murojaat asosida mazkur holat o‘rganib chiqilgan.
Aniqlanishicha, tumanning “Oltinsoy” MFY hududida yashovchi fuqaro M.I.ning fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydoni olib qo‘yilishiga soxta ariza asos bo‘lib xizmat qilgan.
Hujjatlarga ko‘ra, Nurobod tumani hokimining 2016 yil 14 maydagi qarori bilan Nurobod tumani “Amir Temur” massividan “Nurobod chavandoz tulporlari” fermer xo‘jaligiga 49 yil muddatga dastlab 90 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, tuman hokimining 2016 yil 2 noyabrdagi va 2018 yil 29 avgustdagi qarorlari bilan 65 gektar yer maydoni tuman hokimligining zaxira yerlari hisobiga qaytarib olingan va fermer xo‘jaligining foydalanishida 25 gektar yer maydoni qoldirilgan.
Shundan so‘ng hokimning 2019 yil 7 avgustdagi 2202-Q-sonli qarori bilan mazkur fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilinib, unga ijaraga berilgan qolgan yer maydoni ham tuman hokimligi zaxira yeri hisobiga qaytarilgan. Viloyat adliya boshqarmasiga ko‘ra, buning ortida jinoyat izlari bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tumani sudining 2022 yil 12 maydagi hukmiga ko‘ra, fuqaro A.Q. tomonidan mazkur fermer xo‘jaligiga uzoq muddatga ijaraga berilgan yer maydonini tuman hokimligining zaxira yerlari hisobiga qaytarish to‘g‘risida fermer xo‘jaligi raisi M.I. nomidan berilgan ariza soxtalashtirganligi tasdig‘ini topdi. A.Q. bu harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasi ikkinchi qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan.
Nurobod tumani adliya bo‘limi tomonidan fermer M.I.ning manfaatini ko‘zlab sudga da’vo arizasi kiritilib, Samarqand tumanlararo ma’muriy sudining qarori bilan unga 25 gektar yer maydoni olib berilgan.