Sog‘lom hayot sari yangi qadam: Samarqandda 1000 dan ortiq ehtiyojmand fuqaro davolanish bilan qamrab olindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilish va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlarga yanada keng yo‘l ochdi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida viloyatimizda ham keng qamrovli ishlar boshlandi. Xususan, davolanishga muhtoj bolalar, onkogematologik xastaliklarga chalingan bemorlar hamda transplantatsiyaga ehtiyoji bor fuqarolarni yuqori texnologik tibbiy muolajalar asosida sog‘lomlashtirish choralari izchil amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash tizimi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari hamkorligida shahar va tumanlarda ehtiyojmand fuqarolar xatlovdan o‘tkazildi. Natijada jami 1026 nafar fuqaroni, jumladan, bolalar, onkogematologik kasallar va transplantatsiyaga muhtoj aholini davolash rejalashtirildi.

Ayni kunga qadar davolanishi belgilangan 764 nafar bemor boladan 600 nafariga “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan taqdim etilgan vaucherlar topshirildi.

Hozirda ularni tegishli shifoxonalarga yotqizish ishlari olib borilmoqda. Shu paytgacha 6 nafar bola shifoxonaga joylashtirilib, ularning 3 nafarida murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Shuningdek, onkologik kasalliklarga chalingan 250 nafar bemordan 60 nafariga vaucherlar tarqatildi. Ularning 20 nafari davolanish uchun shifoxonalarga yotqizildi. Gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan 14 nafar bemorning barchasiga vaucherlar berilgan bo‘lib, 3 nafari statsionar davolanishga qabul qilindi.

Transplantatsiya amaliyotlari bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, jigar transplantatsiyasi 1 nafar bola va 14 nafar katta yoshli bemorda, buyrak transplantatsiyasi esa 5 nafar bola va 19 nafar katta yoshli bemorda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Umumiy hisobda 39 nafar bemor yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bilan qamrab olinadi. Hozirgacha 6 nafar bemorga vaucherlar topshirilib, ularni shifoxonalarga joylashtirish ishlari boshlangan.

Rejalashtirilgan murakkab jarrohlik va davolash ishlari viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida amalga oshiriladi.

Eng muhimi, bu ezgu tashabbuslar ortida inson qadri, mehr-oqibat va saxovat tamoyillari mujassam. Qurbon hayiti kunlarida yuzlab oilalar qalbiga umid va ishonch kirib borayotgani, bemorlar uchun sog‘lom hayot sari yangi imkoniyatlar yaratilayotgani mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvar siyosatning yana bir amaliy ifodasidir.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.