2022 yil sarhisobi: Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida nimalarga erishdik?

2022 yilda tibbiyotga o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘p, ya’ni 28 trln. so‘m mablag‘ ajratildi.

105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinikalar, 1 mingta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi.

“Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi. Oilaviy poliklinikalarda 19,5 mingta kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etilib, 3,5 mln. aholiga malakali tibbiy yordam mahallaning o‘zida ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi (188 mlrd. so‘mdan 540 mlrd. so‘mga).

35 ta qo‘shma shikastlanish markazlari tashkil etilishi natijasida joylardagi jarohat va insult bilan bog‘liq o‘lim holatlari 2 baravarga qisqardi. O‘n milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming nafar bemordan 3 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi.

Tibbiyot xodimlarining ish haqi 30 foizgacha oshirildi. Shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish va ustama to‘lovlari joriy etildi. Xususiy shifoxonalardan majburiy undiriladigan turistik yig‘im bekor qilindi, chet eldan mutaxassislarni doimiy ishlashga va mahorat darslarini o‘tkazishga jalb etish soddalashtirildi. Yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

Ilk marotaba 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti” doirasida tibbiyot xodimlari va aholidan kelib tushgan 25 ming murojaatda ko‘tarilgan tizimli muammolar tahlil qilindi va ularning yechimiga qaratilgan Prezidentning alohida farmoyishi bilan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 50 ta banddagi “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.