Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlarining 40 foizi ishdan bo‘shatilib, ularga shifoxonalarda ishlash taklif qilindi

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, bugun, 14 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilish o‘ta keskin ruhda kechib, tizimda har bir yo‘nalish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil etilgan.

“Keyingi paytlarda xalqimizning tibbiyot sohasidan norozi ekanligi haqida Sog‘liqni saqlash vazirligiga juda ko‘p shikoyatlar kelmoqda. Chunki tizimda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘p. Ayniqsa, aksariyat hududlarda tibbiy xizmat sifati hanuz talab darajasida emas.

Sohada byurokratik to‘siqlar va korrupsion holatlar, afsuski, saqlanib turibdi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda mutasaddilar hamda jamoatchilik vakillari bilan muloqotlarda bu haqda qayta-qayta to‘xtalib o‘tmoqda.

Yurtdoshlarimiz o‘rtasida ayrim kasalliklar ko‘rsatkichlari yil sayin oshib borayotgani ham achinarlidir.

Bularning barchasi sog‘liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida bugungi zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.

Aytilishicha, shu yilning o‘tgan 11 oyida Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelib tushgan jami murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 mingtaga ko‘payib, 57 600 tani tashkil etgan.

Shundan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparatining o‘z faoliyatida natija bermagan 40 foiz xodimlar vazifasidan ozod etilgan va ularga quyi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida ishlash taklif qilindi.