Tibbiyot xodimi navbatdan tashqari malaka toifasini olish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tsa, ish haqi oshiriladi

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o‘z xohishi bilan navbatdan tashqari malaka toifasini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.

O‘z xohishi bilan navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, malaka toifasini oshirgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga oshirilgan malaka toifasi bo‘yicha haq to‘lanadi.

Navbatdan tashqari attestatsiyada katnashib, undan o‘ta olmagan xodimlarning malaka toifasi tushirilmaydi.

Davolash-profilaktika tashkilotlari rahbarlari navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tish muddati tugashidan olti oy oldin shifokor va farmatsevtlarni attestatsiyadan o‘tishi lozimligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi zarur.

Shuningdek, rahbariyat tomonidan xodim tibbiyot va farmatsevtika xodimlari attestatsiyadan o‘tkazish tartibi bilan tanishtirilishi hamda attestatsiyadan o‘tish uchun hujjat topshirish boshlangunga qadar ularning malaka oshirishi tashkil etilishi lozim.