Sog‘liqni saqlash boshqarmalari xalq deputatlari Kengashlariga hisobot beradi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-870, 04.10.2023 y) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi
🔘 “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlari har yarim yillik yakunlari bo‘yicha tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etadi.
📋 Mazkur hisobotni eshitish yakunlari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi hamda tegishli qaror qabul qilinib, qaror Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuboriladi.
▶️ Bundan tashqari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining rahbarlari har yarim yillik yakunlari bo‘yicha tegishincha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi.
📄 Mazkur hisobotni eshitish yakunlari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan qaror qabul qilinib, qaror sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlariga yuboriladi.
🔘 Shuningdek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini, tegishincha aholi biriktirilgan, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining axborotini eshitadi.
📌 Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi, deya ma’lumot beradi Adliya vazirligining Huquqiy axborot telegram kanali.