Samarqandda FHDYo organlari xodimlari tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni sayyor tartibda topshirmoqda

Karantin davrida ota-onalarning FHDYo bo‘limlarida to‘planib, ortiqcha vaqt sarflashlarining oldini olish va ularga hozirgi murakkab vaziyatda qulay sharoit yaratib berish maqsadida mutasaddi tashkilotlar hamda tug‘ruq majmualari bilan hamkorlikda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni sayyor tartibda topshirish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, tuman va shaharlardagi 38 mahallada davra suhbatlari o‘tkazildi va muammolar mavjud 962 xonadonda tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.

5300 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etgan davra suhbatlari jarayonida FHDYo bo‘limi xodimlari tomonidan oilaviy ajralishlarning oldini olish, uning huquqiy oqibatlari, uni bartaraf etish, tug‘ilishi qayd qilinmagan bolalarning tug‘ilishini qayd qilish tartibi hamda huquqbuzarlik profilaktikasi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Mahallalarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda 50 nafar oilaviy nizosi mavjud oilalarni yarashtirish choralari ko‘rildi. FHDYo bo‘limlari tomonidan joylarga borib sayyor tartibda 47 ta fuqarolik holati dalolatnomalari qayd qilindi.

Ma’lumot uchun: Samarqand viloyatida joriy yilning 8 oyi davomida 65 482 ta tug‘ilish va 12 278 ta o‘lim, 14 282 ta nikoh hamda 1 793  ta ajrim holatlari qayd etilgan.

Yoqubjon Marqayev tayyorladi.