Nikohni qayd qilishda 1 oylik muddatni bekor qilish taklif etilmoqda
Oila kodeksida nikohlanuvchi shaxslar FHDYoga ariza bergan vaqtdan boshlab 1 oy o‘tgach nikohi qayd qilinishi belgilangan. Bu vaqtda nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim.
Alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi, xizmat safari kabi uzrli sabablar bo‘lganda 1 oylik muddat qisqartirilgan holda nikohni qayd qilishga ruxsat berilgan.
Amaliyotda nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini qisqartirish uchun ayrim fuqarolar FHDYo organlariga soxta tibbiy ma’lumotnomalar taqdim etish, FHDYo va sog‘liqni saqlash organlarida ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yish kabi salbiy holatlar mavjud edi.
Ushbu muammolarni bartaraf etish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyihada Oila kodeksining 13, 17 va 212-moddalariga o‘zgartishlar kiritish hamda nikohni qayd etishning bir oylik muddati va uni qisqartirish uchun asos bo‘luvchi holatlarni bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilinsa, nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan so‘ng 1 oylik muddatni kutmasdan nikohini rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Tahlillarga ko‘ra, nikohni qayd qilish uchun 2021 yilda 300 mingdan ortiq, 2022 yilning 1-choragida 45 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir oylik muddatda arizalarni qaytarib olish yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan.
Adliya vazirligi Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yadi, FHDYo va sog‘liqni saqlash organlarida qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etadi, otalik belgilash kabi ortiqcha qiyinchiliklarni oldini olishini ta’kidlagan.