Nikohdan o‘tishda tibbiy ko‘rik bekor qilinmadi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, aholi orasida “endi nikohdan oldingi majburiy tibbiy ko‘rik bekor bo‘libdi, FHDYo organlari bu haqdagi hujjatni talab qilmas ekan” degan gap-so‘zlar ko‘paydi.
Bu gaplar qanchalik asosli?
Gap shundaki, 8 sentyabr kuni “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
2028 yilgacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazish, proaktiv davlat xizmatlari sonini 53 taga hamda kompozit davlat xizmatlarini 74 taga yetkazish maqsadida mazkur hujjat bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartirildi.
Jumladan, 2025 yil 1 dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali nikohni rasmiylashtirishda FHDYo organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi, nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYo organlari tomonidan sud qarorining talab qilinishi, avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi. YaIDXPdagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi.
Bu nikohdan oldingi majburiy tibbiy ko‘rik bekor bo‘ldi, degani emas. Ko‘rik amaldagi tartibda o‘tkazilaveradi, faqat bu ko‘rik natijalari haqidagi ma’lumotnoma qog‘oz shaklini FHDYo organiga taqdim etish talab etilmaydi. Bu ma’lumotlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olinadi.
Shahnoza Zokirova,
Samarqand shahar 1-FHDYo bo‘limi inspektori