O‘qituvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tyaptimi? Yoxud yillarki ishlamaydigan tartib haqida

- E, qurib ketsin, shartmikan shu?!

- Voy, dadasi, hamma beribdi, bitta men qolibman.

Aslida bu suhbat bexosdan qulog‘imga chalingani bilan bugun yoki birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Gap shundaki, o‘quv yili boshlanishidan oldin o‘qituvchilar, umuman, barcha pedagog xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Masala shu qadar muammoliki, ammo mas’ullar negadir barchasi xo‘jako‘rsin ekanligini bilgani holda holatni jim kuzatish bilan cheklanmoqda.

Sifatga vrach javobgar

Quyidagi savolga o‘qituvchi tugul, hatto direktorlar ham tayinli javob berolmaydi: o‘zi pedagog xodimlar tibbiy ko‘rikda qaysi turdagi tekshiruvlardan o‘tishi kerak?

Qoidaga ko‘ra, tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan tibbiy komissiya tashkil etiladi.

Komissiya tarkibi vrach-terapevt, nevropatolog, oftalmolog, dermatovenerolog, otorinolaringolog, psixiatr, akusher-ginekolog, jarroh hamda boshqa mutaxassislardan iborat bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, laboratoriya tekshiruvida flyuorografiya, gelmentlarni aniqlash uchun najas tahlili, gonokokklarga tekshirish, RSh ga qon tekshirish tahlili talab qilinadi.

Va asosiysi, tibbiy ko‘rikning sifatli o‘tkazilishiga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining rahbari javobgar hisoblanadi.

Ish beruvchilar esa o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladi.

Qanday va nega tashkil qilinadi?

Mehnat kodeksining 501-moddasida pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilangan.

Unga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarning bolalarni o‘qitish yoki tarbiyalash bilan bevosita shug‘ullanuvchi pedagog xodimlari va boshqa xodimlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda dastlabki tarzda (ishga qabul qilish chog‘ida) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tadi.

Vazirlikning 2012 yil 10 iyuldagi "Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi 200-sonli buyrug‘i tasdiqlangan. Bunda ish beruvchi, hududiy SEOM, tashkilotning kasaba uyushma qo‘mitasi va tibbiyot muassasalariga bir qator vazifalar belgilangan. Xususan, ish beruvchi, ya’ni direktor hududiy SEO va maktab kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan birgalikda kalendar yilning 1 dekabrigacha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shart bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzadi va tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasiga taqdim etadi.

Shundan keyin tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasi rahbari tomonidan hududiy SEOM bo‘limi bilan kelishilgan holda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning kalendar-rejasini tuzadi.

Savol tug‘iladi: ta’lim maskanlarida xodimlar ro‘yxati tuzilganmikan? Davolash profilaktika muassasalaridagi kalendar-reja-chi?

O‘tmasa, nima bo‘ladi?

"Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunning 46-moddasiga asosan, pedagoglar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi shart. Ya’ni, aslida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan pedagog bunday faoliyat bilan shug‘ullanishi, bolalarga dars berishi mumkin emas.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 19 oktyabrdagi 31-sonli buyrug‘i bilan “Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxati” tasdiqlangan.

Ayrim toifadagi xodimlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan bo‘lsa yoki sil kasalligini yuqtirish xavfi bo‘lsa, ishga qo‘yilmaydi. Xususan:

- maktabgacha ta’lim tashkilotlari va bolalar uylarida bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlar;

- maktabgacha yoshdagi bolalarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’lim va sport muassasalarida, shuningdek, ushbu maqsadlarda tashkil etilgan to‘garaklarda bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlar.

Demak, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan pedagog xodim o‘zi yaratgan “muammo”dan aziyat chekishi mumkin. Shunday bo‘lgach u nima qiladi, tibbiy ko‘rikdan o‘tish “yo‘li”ni izlaydi.

Garchi, Mehnat kodeksining 360-moddasida “xodimlar majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi munosabati bilan chiqimdor bo‘lmaydi”, deb belgilanganini bilsa-da, shunday yo‘l tutadi.

Bu holatdan bexabar rahbar bor, deysizmi?

Mutasaddilarga savollar...

Holat shunday ekanligini bilmaydigan mutasaddi bor ham deylik.

U qiziqib ko‘rganmikan, maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan minglab xodimlar dastlabki va ish davomidagi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyaptimi? Bu savolga pedagog xodimlarning shuncha foizi haqiqatda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, deb javob bera oladimi?

Bundan tashqari, bir yilda qancha pedagog xodimda yuqumli kasallik aniqlangan? Qancha muallimga salomatligidagi nuqson uchun respublika, boringki, viloyat davolash-profilaktika muassasalariga yo‘llanma - order berilgan? Bormi, statistikasi?

Tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha qancha pedagog xodimga salomatligini mustahkamlashi uchun sanatoriylarga yo‘llanma berilgan? Axir shunday maskanlar uchun eng ko‘p ustoz-murabbiylar hisobidan mablag‘ ketyapti-ku.

Axir bu soha vakillari jamiyatimizning muhim bir qatlamini tashkil qiladi. Ular o‘z vaqtida doimiy ko‘rikdan o‘tib, zaruratga ko‘ra, vaqtida davolanib borsa, bu har tomonlama foydali emasmi?

O‘zingizni aldamang!

Tartib va tizim ishlamayapti

Barcha huquqiy mexanizmlar yaratilgan. Uning aynan qaysi sohasi ishlamayotgani ortidan kelajagimiz egalari ta’limiga mas’ul bo‘lgan soha vakillarining huquqi buzilayotganini ham yaxshi bilasiz.

Masalan, qonunchilikda tibbiy ko‘rik uchun "xodimlar chiqimdor bo‘lmaydi" degani bilan bu tadbirlarning chiqimi byudjetdan qoplab berilmaydi, har yilgi byudjet xarajatlar smetalariga kiritilmaydi.

Shunday ekan, ishchi va xizmatchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasi bilan qog‘ozda emas, amalda ishlash zarur. Bunga mas’ullar esa holatni chuqur o‘rganib, muammolarni aniqlashi va ularni tizimlashtirib, yechimi bo‘yicha ishlashlari shart.

O‘ylaymizki, bu chiqishimiz, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmasi, kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashini befarq qoldirmaydi. Ular, albatta, o‘z so‘zini aytadi.

Yoqubjon MARQAYeV.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.