Aybni boshqadan izlamang
“E, sog‘lomman-ku tibbiy ko‘rikning nima keragi bor” deb aytishga o‘rganib qolganmiz. Agar kasallik sal xuruj qiladigan bo‘lsa “o‘tib ketadi, o‘tib ketadi” deya o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz. Lekin bir xil kasalliklar borki, insonni asta-sekin yiqitadi. Shifokorga borishga majbur qiladi. Afsuski, o‘sha payti kasallikni davolash qiyin kechadi. “Eh, nimaga bunday bo‘ldi” deb aytganlarimiz qimmatga tushayapti.
Ko‘pchiligimiz iddao qilish bo‘lsa qoyillatamiz. “OShP shifokorlari hech narsani bilmaydi. U yerga bormasdan to‘g‘ri shaharga boraverish kerak. Shahardagi vrachlar ham avliyo emas”. Lekin oddiy tekshirish uskunalari hozir hamma joyda bor. Faqat bulardan foydalanish kerak. Yo‘q, biz aksini qilamiz. Katta pul sarflab shaharga borib navbatda turamiz. Yana o‘sha bir xil gap. Sog‘lom turmush tarziga rioya qiling, yaxshi bo‘lib ketasiz. Buni shu yerda qilsa ham bo‘ladi-ku.
Azizlar, tibbiy xizmat sifatini oshirish faqat shifokorlarga bog‘liq emas. Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun hamma bab-baravar harakat qilishi lozim bo‘ladi. Sog‘ligingiz avvalo o‘zingizga, keyin davlatga kerak ekanligini nahotki tushunmaysiz?
Husniddin XOLDOROV.