SamDTU xodimlari tomonidan Qo‘shrabotda aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
Samarqand davlat tibbiyot universiteti ishchi guruhi tomonidan joylarda tibbiy ko‘riklar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh mahallasida aholi SamDTUning malakali terapevt, xirurg, ginekolog, onkolog, nevropatolog, lor, pediatr va oftalmologlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, kerakli ko‘rsatmalar berildi. Tashxis natijalariga ko‘ra 12 nafar bemorga SamDTUning Ko‘p tarmoqli klinikasi va Ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikalariga yo‘llanmalar berildi. Mazkur tibbiy ko‘riklardan ko‘zlangan yana bir maqsad imkoniyati cheklangan aholi qatlamiga qulay tibbiy xizmatni taqdim qilish, 4- va 3-xavf guruhidagi bemorlar bilan doimiy tekshiruv va davolanishlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasida xodimlar uchun darslar tashkil etildi. Jumladan, SamDTU DKTF otorinolaringologiya kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan ma’ruzalar qilinib, yuzaga kelgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Mazkur darslar tizimli ravishda davom ettirilib, tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari malakasini yanada oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari Samarqand davlat tibbiyot universiteti tibbiy xodimlari ishtirokida ko‘plab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqd Shuningdek, tumanda ilk bor murakkab travmatologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Chap katta boldir suyagi tashqi kondulisini burchakli stabillovchi plastika yordamida osteosintez qilish amaliyoti muvaffaqiyatli tarzda bajarildi. Ushbu kamyob amaliyotning afzallik tomoni shundaki, operatsiyadan keyingi davrda bemorga gips bog‘lamlari qo‘yilmaydi va ko‘plab asoratlarning oldi olinadi.