Bosh prokuratura: Samarqandda maktab o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlangan
Avvalroq Samarqand viloyatida 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlangani haqida xabar berilgandi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov hodisa yuzasidan ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, 2024 yil 6 oktyabr kuni voyaga yetmagan qiz bir necha shaxs tomonidan zo‘rlangani haqida ariza bilan murojaat qilgan.
Ariza yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlangan.
U joriy yil 30 oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan ishdan bo‘shatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga ko‘ra, 31 oktyabr kuni Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
So‘ng jinoyat ishi tergovga taalluqliligi bo‘yicha ichki ishlar organiga yuborilgan.
Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan. 8 nafar shaxs, shu jumladan Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan. Bir nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan prokuratura nazorati o‘rnatilgan, deya xabar berilmoqda OAVda.