Qo‘shrabot: Zarkentda mehmonxona, Boyto‘pda o‘yingoh, Zarmitanda ko‘prik. Yil oxirigacha yana qanday loyihalar qilinadi?
Qo‘shrabot tumani hokimi, 1-sektor rahbari Dilshod Shakarboyev aholi vakillari, jamoatchilikka joriy yilning o‘tgan davrida mazkur sektor tarkibiga kiruvchi 10 ta mahallada amalga oshirilgan va yil oxirigacha bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida hisobot berdi.
Murojaatda sektor hududida mahallabay, xonadonbay, fuqarobay profilaktik ishlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etish maqsadida yangicha tizim, ya’ni mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish samaradorligini oshirish, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolarning doimiy daromad manbaini yaratgan holda bandligini ta’minlash hamda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida yagona hamkorlik tizimi yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilganlar e’tibori ayni paytda tuman 5-toifada ekanligi, shundan kelib chiqqan holda berilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish zarurligiga qaratildi. Joriy yilning o‘tgan davrida sektor hududida dasturlar doirasida umumiy qiymati 64,2 milliard so‘mlik 13 ta loyiha amalga oshirilib, 91 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar umumiy qiymati 28,3 milliard so‘mlik 12 ta loyiha ishga tushiriladi va qo‘shimcha 81 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Murojaatdan so‘ng joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar in’ikosi sifatida Zarkent mahallasida barpo etilgan zamonaviy mehmonxona, Boyto‘p mahallasi hududida sun’iy qoplamali o‘yingoh, Mayintepa mahallasida esa shu huddudan o‘tuvchi respublika ahamiyatidagi “Marjonbuloq-Zarmitan” avtoyo‘lining 80-kilometrida qurilgan yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi.
Norbobo Shakarov.