Buldozer ortidagi matonat

Yaqinda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi buldozer-mashinisti Hamza Sayitov «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.

Darhaqiqat, bugungi kunda geologiya sohasida o‘z kasbiga fidoyi insonlar mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati oilasidan yiroqda, baland tog‘lar va jazirama cho‘llarda haftalab faoliyat yuritib, yer osti qazilma boyliklarini o‘rganish va qidiruv ishlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

- Geologiya sohasini rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va yangi konlarni aniqlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan insonlar alohida e’tibor va e’tirofga munosib, - deydi «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi boshlig‘i Sobir Ne’matullayev. - Hamza Sayitov ana shunday o‘z kasbiga sadoqatli, tajribali mutaxassislarimizdan biri hisoblanadi. U texnikalarni samarali boshqaradi, ularni doimo soz holatda saqlaydi va ish jarayonida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etadi. Avariya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishdagi mas’uliyatli yondashuvi uning yuksak kasbiy mahoratidan dalolat beradi.

Qariyb chorak asrlik mehnat stajiga ega bo‘lgan Hamza Sayitov 2007 yildan buyon mazkur korxonada samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilgan 30 dan ortiq loyihaning belgilangan rejadan ortiq bajarilishida uning hissasi salmoqli.

Keyingi uch yilda Qo‘shrabot tumanidagi qator istiqbolli geologiya uchastkalarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, u boshqaruvidagi “Chetra T-11.02 YaBR-1” rusumli buldozer yordamida "Zarmitan" dala ekspeditsiyasi hududida bir yil davomida qator uchastkalarda katta hajmda yer ishlari bajarildi. Xususan, “G‘ujumsoy” uchastkasida 225 m³, “Zarmitan” uchastkasida 400 m³, “O‘rtaliq” uchastkasida 670 m³, “Yuqorisaroy” uchastkasida 200 m³, “Qo‘rg‘on” uchastkasida 135 m³ hamda “Bayram ma’dan namoyoni” uchastkasida burg‘ulash maydonlarini tayyorlash ishlari amalga oshirildi. Bu ishlar oltin ma’danli konlar va istiqbolli maydonlarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Hamza Sayitov nafaqat mohir mutaxassis, balki haqiqiy ustoz sifatida ham jamoada alohida o‘rin tutadi. U ko‘p yillik boy tajribasini yoshlarga o‘rgatib, shu kunga qadar o‘n nafardan ortiq shogird tayyorlab, ularni mustaqil mehnat yo‘liga yo‘naltirgani bilan ham e’tiborga loyiq.

- Prezidentimiz tomonidan berilgan davlat mukofoti nafaqat mening, balki butun jamoamizning mehnatiga berilgan yuksak bahodir, — deydi “Shuhrat” medali sohibi Hamza Sayitov. — Agar jamoamizning qo‘llab-quvvatlashi bo‘lmaganida, bunday natijaga erisha olmasdim. Bu mukofotni barcha geologlarimizning mashaqqatli mehnati va fidoyiligining e’tirofi, deb bilaman.

Bugun yer ostida yashiringan qimmatbaho ma’danlarni aniqlab, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishdek mas’uliyatli vazifani o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Hamza Sayitovning fidoyiligi, kasbiga sadoqati va yuksak insoniy fazilatlari barcha uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Dilmurod To‘xtayev.