Ona tilim, doim qadring baland bo‘lsin!
Qo‘shrabot tumani Zarkent qo‘rg‘onidagi “Konchi” madaniyat uyida shu mavzuda tadbir bo‘lib o‘tdi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Janubiy kon boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda yurtimizda ona tilimizning nufuzini oshirish, mavqeni mustahkamlash, uning targ‘iboti, yosh avlod qalbida ona tilimizga bo‘lgan hurmat ruhini singdirish haqida gap bordi.
O‘zbek tili bayramini qiziqarliroq nishonlash maqsadida Navoiy kon-metallurgiya kombinati ma’naviyat va ma’rifat markazi, Janubiy kon boshqarmasi, Samarqand davlat universiteti, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Qo‘shrabot tuman bo‘linmasi, ushbu tumandagi 26-umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda dastur ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, turli bo‘linmalardan taklif etilgan ishchi-xodimlar o‘rtasida diktant yozish tanlovi, shuningdek, mavzuga doir viktorina tashkil etildi. Konchilar o‘zlarining chiroyli husnixatlari, savodxonligi, bilim darajasi bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
- Men maktab davrida diktant yozganman. Ona tili va adabiyotga qiziqqanim bois, doim undan a’lo baho olardim. Bunga ancha yillar bo‘lgandi. Bugungi sinovda o‘zimni qayta sinab ko‘rdim. Yoshlikda olgan bilim baribir xotirada qolar ekan. Hamkasblarimiz o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov natijasida buni ko‘rdim. Hakamlar tomonidan 1-o‘ringa loyiq topildim, - deydi 4-gidrometallurgiya zavodi ishchisi Sevara Agayeva.
Darvoqe, yakuniy natijalarga ko‘ra diktant yozish tanlovida “G‘ujumsoy” koni ishchisi Sojida Pardayeva va geolog Abdulla Ochilovlar keyingi o‘rinlarni zabt etdi. Viktorina kechasida “Zarmitan” koni muhandisi Shahlo Orziqulova, 4-gidrometallurgiya zavodi ishchisi Jamol Eshboyev, idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi yo‘riqchisi Shoakbar Egamov, suvni kimyoviy tozalash apparatchisi Durdona Norjigitova, mexanika-ta’mirlash sexi ishchisi Oybek Uzoqboyev savollarga aniq javob berib, bilimdonliklarini namoyish etdi. Mazkur tanlovlar g‘olib va sovrindorlari kon boshqarmasi ma’muriyati va 2-birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi qimmatbaho savog‘alarini bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida “Konchi” madaniyat uyi badiiy jamoalari, maktab o‘quvchilari tomonidan havola etilgan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari ma’naviy-ma’rifiy tadbirga yana ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Dildora Otaboyeva,
Janubiy kon boshqarmasi axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari.