So‘zlashuv nutqi har bir mukammal tilning poydevori

Bugun o‘zbek tili va uni rivojlantirish, keng targ‘ib qilish borasida qator ishlar amalga oshirilyapti. Yurtimizda bu borada izlanish olib borayotgan olimlar ham talay. Har gal hamkasblar bilan ona tilimiz, uning rivoji va muammolari haqida gaplashar ekanmiz, tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Bozorboy O‘rinboyevni yodga olamiz.

Ustozning bu borada olib borgan izlanishlari, shogirdlariga bergan ta’lim-tarbiyasi e’tirofli.

28 yoshida nomzodlik, 40 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan olim Samarqand davlat pedagogika institutida ishladi, keyinchalik Jizzax davlat pedagogika institutida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitish metodikasi, umumiy tilshunoslik, eski o‘zbek yozuvi va sharq tillari kabi kafedralarning tashkil etilishi tashabbuskori bo‘ldi. SamDUda uning tashabbusi bilan matnshunoslik ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etildi.

B.O‘rinboyev Samarqand tilshunoslarining ustozi, professor Ulug‘ Tursunov rahbarligida 1964 yili «Hozirgi o‘zbek tilida vokativ kategoriya» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini, 1976 yil «O‘zbek so‘zlashuv nutqi sintaksisi masalalari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ustoz birinchilardan bo‘lib, so‘zlashuv nutqi muammolariga to‘xtalar ekan, «...so‘zlashuv nutqi har bir mukammal tilning poydevori, u hech bir grammatik qoidalarga sig‘maydi», - deya ta’kidlagandi. Bu borada «So‘zlashuv nutqi sintaksisining ba’zi masalalari», «O‘zbek tili so‘zlashuv nutqiga umumiy xarakteristika», «Hozirgi o‘zbek tilida vokativ kategoriya», «So‘zlashuv nutqida gap bo‘laklari tartibi», «O‘zbek so‘zlashuv nutqi fonetikasi», «O‘zbek so‘zlashuv nutqi – o‘ziga xos nutqiy sistema», «Hozirgi o‘zbek tilining so‘zlashuv uslubi», «So‘zlashuv nutqida savol-javob replikalar», «So‘zlashuv nutqi leksikasi va uning qo‘llanish darajasiga ko‘ra farqlari» kabi ko‘plab monografiya va o‘quv qo‘llanmalarni nashr ettirdi.

Shuningdek, stilistika masalalarida Alisher Navoiy asarlari tilida leksik va grammatik normalarning belgilanishi, tasviriy vositalar, Alisher Navoiy asarlari matnida so‘fizm atamalari hamda G‘afur G‘ulom asarlarining lingvopoetikasi, aforizmlar, poetik nutq jilolari yuzasidan ham bir qator izlanishlar olib bordi.

B.O‘rinboyev ilmiy faoliyati davomida nutq madaniyati masalalariga ham e’tibor qaratdi. Olim notiqlik va nutq madaniyati, notiqlik san’ati, uning asoslari, dialektologiya muammolari, til tarixi masalalariga bag‘ishlangan o‘nga yaqin qo‘llanmalar muallifi.

Hozirgi o‘zbek adabiy tili sintaksisi masalalari ham professor e’tiboridan chetda qolmadi. «Hozirgi o‘zbek adabiy tilida replika takrori», «Dialogik replikaning kommunikativ yo‘nalishi», «Hozirgi o‘zbek adabiy tili sintaksisi», «O‘zbek xalq maqollarida transformatsiyalash», «Hozirgi o‘zbek adabiy tilida sub’yektiv munosabat va uning xususiyatlari», «Hozirgi o‘zbek adabiy tilida sintaktik munosabatlar», «Paradigmatik qamroviga ko‘ra sintaktik munosabatlar», «Sintaksis muammolari diqqat markazida», «Hozirgi o‘zbek tili sintaksisi» (Darslik,) kabi mavzularda ham tadqiqotlar olib bordi.

Ona tilimizni o‘qitish, uning fonetik, leksik, grammatik xususiyatlarini mukammal egallash, og‘zaki va yozma nuqtda til qoidalariga rioya qilish maktab davridan puxta egallanadi. Ustoz bu borada ham izlanish olib borib, ta’lim tojik tilida olib boriladigan maktablarning 2-3-sinflari uchun «O‘zbek tili» darsligini yaratdi.

Muayyan tilning rivojlanishi darajasi, undagi lug‘atlarning rang-barangligi, miqdori bilan o‘lchanishini e’tibordan qochirmagan holda, lingvistikaning turli sohalariga xizmat qiluvchi lug‘atlar tuzish, so‘nggi texnika vositalari bilan ta’minlash kabi masalalar olim tomonidan alohida o‘rganilgan: «So‘fizm atamalari lug‘ati», «Asrlardek barhayot nomlar», «Maktab toponimik lug‘ati», «O‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlari frazeologizmlari» kabilar shular jumlasidandir.

Bozorboy O‘rinboyev 2014 yilda vafot etgan bo‘lsa-da, olimning e’tirofga loyiq ishlarini bugun ko‘p sonli shogirdlari davom ettirmoqda. Bu ustozning qilgan izlanishlari, yashagan umri besamar ketmaganidan nishonadir.

Azamat Pardayev,

SamDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori.

Shavkat Mahmadiyev,

Dinara Islomova,

kafedra dotsentlari.