«To‘g‘ri o‘zbek tili» deyilgan sun’iy qoidalar yoxud xatolarni to‘g‘rilash fursati kelmadimi?
Jahon tarixida hech bir millat yozuv borasida o‘zbek xalqidek og‘ir musibatga uchramagan. Xalqimiz XX asrda uch marta imlo inqilobini boshidan kechirdi. Bu nozik omil millatning ilmiy, aqliy salohiyati va siyosiy darajasiga ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.
Arab yozuvi VIII asrdan boshlab XX asrning 1929 yiligacha, eski turkiy (o‘zbek) yozuvi sifatida XI asrdan 1929 yilgacha qo‘llanilgan.
Xalqimizning jahon tarixidagi eng sharafli, eng buyuk, eng o‘lmas ilmiy-ijodiy asarlari aslida shu yozuvda bitilgani haqiqat. Imlo — millatning taqdiri, tarixiy merosning tili va kelajakning poydevori! Agar navbatdagi xatoga yo‘l qo‘ysak, buyukajdodlarimiz bizni kechirmaydi.
Shoir va olim Mirzo Kenjabekning ta’kidlashicha,«hozir biz amal qilayotgan qonun 1989 yilda qabul qilingan qonun emas, balki 1995 yilning 21 dekabrida deyarli «yashirin» uslubda o‘zgarishga uchragan yangi tahrirdagi qonundir». Davlat tili haqidagi qonun talablarini amalga oshirish borasida ancha xayrli ishlar qilingan, jiddiy natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, qonun amaliyotida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganining bosh sababi aslida ana shu shoshilinch, yashirin o‘zgarishlarning qilingani bilan xarakterlanadi.
Birinchidan, davlat tili haqidagi 1995 yilgi qonunda o‘zbek tilini o‘rganish zaruriyatini belgilaydigan yoki unga rag‘batni oshiradigan birorta band mavjud emas. Qonunga ko‘ra, fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga ega. Bu esa o‘zbek tilining jamiyatda hech qanday zaruriyati yo‘q, degani. 1995 yilgi qonunda O‘zbekiston fuqarolarining davlat tilini bilishi, o‘rganishi shartligi biror nuqtada qayd etilmagan. Shuningdek, biron davlat idorasiga ishga kirish yoki rasmiy tayinlovlarda davlat tilini bilish sharti belgilanmagan. Qisqasi, bu ifodalar boshqaruv sohasida va rasmiy muomalada urf bo‘lgan rus tilining mavqeini mustahkamlab, rasmiylashtirib bergan, xolos.
Ikkinchidan, turli ma’muriy idora hamda muassasalar ona tilimizning to‘liq va mukammal holda joriy etilishiga loqaydlik bilan qarab kelmoqda. Jumladan, ichki ishlar sohalarida davlat tiliga e’tiborsizlik uchrab turibdi yoki turli tashkilotlardan aholiga keladigan ogohlantirish yoki qarzni to‘lash haqidagi ogohlantirish xatlari yigirma yillarki, asosan, rus tilida jo‘natiladi.
Muammolar o‘zimizniki...
Milliy g‘ururi bo‘lgan inson o‘z ona tilida ravon so‘zlasha olishi va yoza bilishi shart. Biz tilimizga davlat maqomi berilgan 21 oktyabr kunida har yili qandaydir tadbir o‘tkazish bilan cheklanyapmiz, amalda tilimiz rivojiga e’tiborsiz, loqayd bo‘lib bormoqdamiz. Qancha ko‘p til bilsangiz, shuncha yaxshi, lekin, birinchi navbatda, ona tilini yaxshi bilmoq zarur, ya’ni boshqa tillarni bilishimiz o‘z ona tilimizni kamsitish hisobiga bo‘lmasligi kerak.
Davlat tilining e’tiborsiz qolayotganligi boisi shuki, tirikchilik tashvishlari va boshqa omillar ta’sirida yoshi kattalar, xususan, yoshlarimiz orasida kitob o‘qishga, ilm olishga ishtiyoq ancha susaydi. Kitob, gazeta, jurnal mutolaa qilmagan insonning til boyligi cheklanib, u maishiy darajada ishlatiladigan so‘zlardan nariga o‘tolmaydi. Ona tiliga bo‘lgan har qanday ijobiy yoki salbiy munosabat muqarrar ravishda milliy g‘ururga, mentalitetga sezilarli darajada ta’sir etadi. Agar ona tiliga e’tibor susaya boshlasa, o‘ziga xos nigilizm (lot. nihil — «hech nima» — mavjud ijtimoiy hayot shakli va axloqiy normalarni, madaniy meros hamda ideallarni inkor etish) kuchayadi, yoshlar o‘z ajdodlarining madaniy-tarixiy merosini asta-sekin unuta boshlaydi, kishilarning siyosiy ongida asta-sekin nomukammallik tuyg‘ulari bosh ko‘taradi. Bizning fikrimizcha, yurtimizda yashagan barcha millat, elat vakillari o‘zbek tilini, mahalliy xalqning adabiyoti va san’atini, boy tarixini, ilmiy merosini bilishi bugungi davr talabi. Amerikaga, Germaniyaga borib yashayotgan turk, hind, xitoylik, eronlik shaxs ish faoliyati yurishib ketishini istasa, ingliz, nemis tillarini maxsus o‘rganadi. Nazarimda, bugungi talab va insoniy ehtiyojlarni chuqur o‘rganib, davlat tilini bilmaganlar uchun til o‘rgatish kurslarini bepul tashkil etishimiz lozim.
Shu o‘rinda yana bir muammoga to‘xtalib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Qo‘shni davlatlarning qonunlari matni bilan tanishgan taniqli adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov O‘zAda e’lon qilingan «O‘zingdan chiqqan baloga...» nomli maqolasida qonunimizning o‘zi nomukammal ekanini kuyinib yozadi: «O‘zbekistonda davlat tili to‘g‘risidagi qonun 5.187 belgidan iborat bo‘lsa, Qozog‘istonda 15.013 belgi, Ozarbayjonda 12.000, Turkmanistonda 15.468, Qirg‘izistonda 14.063, Tojikistonda 8.600, Rossiya Federatsiyasining davlat tili to‘g‘risidagi qonuni 10.158 belgidan iborat. Qarang, Markaziy Osiyodagi eng «kichkina» qonun shu mintaqadagi eng katta davlatga tegishli bo‘lib chiqyapti». Demak, bu xatolikni to‘g‘rilab qo‘yish fursati yetibdi.
Mavridi kelganda, anchadan buyon yechimini kutib turgan bir muammoni aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi. O‘zbek tili bo‘yicha darsliklarni XX asr boshidan to‘laligicha rus tilshunosligiga, rus tili qoidalariga bo‘ysungan holda yaratishga kirishilgan. Masalan, 1939 yilda O.Usmonov va B.Avezov hammuallifligidagi «O‘zbek tili grammatikasi» kitobi chiqadi. Bu darslik S.Barxurdarov va Ye.Doiskovning «Grammatika russkogo yazika» kitobi asosida tuzildi. Bu kitobda o‘zbek tili nazariyasi ilk bor biz hozir o‘qiyotgan ko‘rinishga keltirildi. «Rus tilidagi qoidalar o‘zbek tiliga ko‘r-ko‘rona joriy etildi», - deydi yosh olim Eldor Asanov. - Masalan, rus tilida oltita kelishik borligi uchun o‘zbek tilida ham kelishiklar soni oltita qilib belgilandi. So‘z turkumlarining kategoriyalari va turlari rus tilidagiga moslandi. Chet el so‘zlari rus tili orqali olinishi va rus tili fonetikasi bo‘yicha talaffuz etilishi belgilandi». Demak, 80 yil muqaddam sun’iy yo‘l bilan yaratilgan til qoidalari haligacha «to‘g‘ri o‘zbek tili» sifatida ko‘rilayotgan ekan.
Taklif...
Maqolamiz yakunida o‘zbek tili rivojiga oid ba’zi takliflarimizni keltirib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, internetda o‘zbekcha kontentni keskin ko‘paytirish (Vikipediya, Google), ikkinchidan, o‘zbek tilidagi veb-saytlar, elektron kutubxonalar sonini, sifatini yanada oshirish, uchinchidan, milliy kino va teatr, adabiyot hamda san’at sohasida yangi ruh va yuqori saviyadagi (Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st, Nazar Eshonqul asarlari yanglig‘) badiiy asarlarni ko‘paytirish, to‘rtinchidan, ko‘chalarimiz peshtaxtalaridagi o‘zbekcha yozuvlarni tanqidiy ko‘rib chiqish zarur.
Va nihoyat, yuqorida ta’kidlaganimizdek, hozirgi vaqtda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida 50 mingdan ziyod arab, fors tilidagi bebaho qo‘lyozma manbalar o‘rganilmay yotibdi. Arab, fors tilida yozilgan qo‘lyozmalarni o‘rganish, kitob holida nashr etish, uni xalqimizga va jahon ommasiga, ilm-fan ahliga yetkazishda yetuk mutaxassislar yetishmaydi. Ana shu o‘ta muhim masalaga yechim topish maqsadida Matnshunoslik va manbashunoslik institutini ochishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
2020 yil boshidan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilib, uning qoshida Atamalar komissiyasi faoliyatini boshlagani, vazirlik va idoralarda davlat tili bo‘yicha rahbar maslahatchilari lavozimi joriy qilingani bu borada tashlangan ijobiy qadamlardir. Shuningdek, «Davlat tili haqida»gi qonunni bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishga kirishildi. Demak, yangi qonun xalqimiz uzoq yildan beri orziqib kutgan, o‘zbek millati obro‘-nufuzini ko‘tarishga xizmat qiladigan yuksak darajadagi mukammal hujjat bo‘ladi, deb ishonamiz.
Saboqlarimizga ko‘ra, ona tili - millat ruhi va qalbi, jamiyat uyg‘oqligining ko‘zgusi ekanligini unutmaylik.
Baxtiyor Omonov,
siyosiy fanlar doktori, professor.