Chaqmoqning tuhfasi

Atrofimizdagi olam sir-sinoatlarga to‘la. Inson aql-idroki ilm-fan qanchalik rivojlanayotgan bo‘lmasin, hali tabiiy jumboqlar ko‘p.
Shunday hodisalardan biri haqida Gerina hikoya qiladi.
«...Hammasi oddiy yoz kunlaridan birida sodir bo‘ldi. Yosh oila tabiat qo‘ynida dam olish, daryoda cho‘milish uchun yaqindagi bahavo joyga yo‘l oldi. Xushmanzara joyga yetganlarida baland daraxt yoniga joylashishdi. Atrof juda go‘zal edi, kutilmaganda chang-to‘zon ko‘tarilib, ko‘z ochib bo‘lmay qoldi. Osmon guldirab, chaqmoq chaqdi. Kristina apil-tapil to‘shaklarni yig‘ishtirdi. Oila mashinaga qarab yugurdi. Chaqmoq chaqib, yomg‘ir quydi.
- Oyi, quyoncham qani? Sendami?
Kristina qizalog‘ining sevimli qo‘g‘irchog‘i qirg‘oqda qolganini angladi.
- Xafa bo‘lma, qizim, senga undan ham yaxshisini olib beraman, - dedi dadasi taskin berib.
Biroq Polina injiqlik qilib turib oldi:
- Menga boshqasi kerakmas!
Qizaloqning onasi qo‘g‘irchoqni olib kelish uchun orqaga qaytishdan boshqa iloji qolmadi. U daraxt yoniga yetganida kuchli momaqaldiroq gumburlab, yashin chaqnadi va daraxt tepasiga chaqmoq urildi. Ayol kuchli og‘riq his etib, hushsiz yerga quladi…
Kristina ko‘zini ochganda shifoxonada yotardi, uning tirik qolishi mo‘’jiza edi. Odatda yashin urgan kishi tirik qolmaydi. Shifoxonadan qaytgach, ikkinchi kuni qizi Polinani kiyintirib bog‘chaga olib borish uchun yo‘lga otlandi. Biroq eri hadeganda uydan chiqavermadi, telefonini qidirib topolmasdi. Kristina asabiylashib, uyga kirdi, divanda yotganda telefonni zarda bilan eriga uzatdi:
- Mana telefoningiz…
Aleksey telefonni olar ekan dod deb qo‘lini tortdi. Kuchli tok urishdan vujudi zirqirab ketdi.
- Kristina, sen tok bilan urdingmi?..
Bu tasodif deb o‘ylashgandi. Biroq ertasi kuni, undan keyin bir necha marta shu holat takrorlandi. Kristinadagi bu holat chaqmoq urishi oqibati ekanligi haqida shubha uyg‘otdi: Ayol xonadonida avvalo elektrochoynak kuyib ketdi, keyin soch quritgich fen, dazmol kuydi. Mikroto‘lqinli uchoq ishdan chiqdi. Kristina aqldan ozish darajasiga yetdi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, ayol bunday hxodisa o‘ta asabiylashganidagina ro‘y berishini sezib qoldi: “Ey, Xudo, o‘zing asra!”.
Voqea shu bilan tugamadi. Kristina o‘zida odamlarni davolash xususiyati paydo bo‘lganini bilib qoldi. Bir kuni Polinani tish do‘xtiriga olib bormoqchi edi, og‘riqdan ingrayotgan qizalog‘ining jag‘ini silagan edi, u dabdurustdan o‘rnidan turdi: “Oyi, tishim og‘rimayapti”.
… Yana bir voqea ro‘y berdi. Aleksiy qishda sirpanib yiqilib, oyog‘ini shikastlab oldi. Og‘riqqa dosh berolmay ingranardi. Kristina shikastni ko‘zdan kechirdi, hayriyat, suyak sinmabdi. U ohista lat yegan joyga qo‘lini bosdi. «Shu zahoti kuchli va yoqimli issiqni his etdim», deb eslaydi Aleksiy.
Ushbu voqealardan keyin ikki yil o‘tdi. Endi Kristina tish og‘rig‘i, oyoq-bo‘g‘inlari, kuchli mushak shamollashlarini bir zumda davolovchi tabibga aylandi.
Tog‘aymurod Shomurodov tarjimasi.