Afruza Hamdamova ayollar o‘rtasida samarqandlik ilk grossmeyster bo‘ldi

Qozog‘istonning Aktobe shahrida “Dvorkovich Memorial” ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan shaxmat bo‘yicha ayollar terma jamoasi a’zosi, samarqandlik Afruza Hamdamova "MASTERS" guruhida yorqin o‘yin namoyish etib, 51 reyting ochkosini qo‘lga kiritdi.

Afruza ushbu natija orqali o‘zining so‘nggi WGM (Ayollar o‘rtasida xalqaro grossmeyster) hamda xalqaro toifadagi sport ustasi (IM) ikkinchi normasini bajardi.

Shu vaqtga qadar Samarqanddan xotin-qizlar o‘rtasida grossmeyster chiqmagan, lekin ayol masterlar bor edi. Endi esa Afruza Hamdamova ayollar o‘rtasida samarqandlik ilk grossmeyster bo‘ldi.

Bugun Afruza Hamdamova Samarqandda tantanali kutib olindi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev, shahar hokimligi, viloyat sport, yoshlar ishlari hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari

mas’ullari ishtirok etib, Afruza va uning ota-onasini ushbu yutuq bilan tabrikladi.

- Xotin-qizlar o‘rtasida eng yosh grossmeysterlardan biri bo‘ldim, albatta bu natijaga erishish oson bo‘lmadi, - deydi Afruza Hamdamova. - Kelajakda erkaklar o‘rtasida ham xalqaro toifadagi grossmeyster bo‘lib, O‘zbekistonga shaxmat tojini olib kelmoqchiman.