"Musofirlikda ona tilingda aytilgan har bitta so‘z ko‘nglingni tog‘dek ko‘taradi"

Tel-Avivda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan va o‘zbekistonlik fuqarolar ishtirokida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan onlayn shaklda davra suhbati uyushtirildi, deb xabar qildi “Dunyo” AA muxbiri.

E’tiborlisi, mazkur anjumanni Isroil fuqarosi Polina Xaimova o‘zbek tilida olib bordi.

-  Men Shahrisabzda tug‘ilganman, - dedi u. - Shu yerda hamshiralik kasbini egalladim. Hozir Isroil fuqarosiman, ammo o‘zbek xalqining ham farzandiman, chunki O‘zbekiston - mening Vatanim. Men o‘zbeklar orasida o‘sdim, ulg‘aydim, shu sababli o‘zbek tilida erkin gapira olaman.

Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbek tili bayrami munosabati bilan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Farmon Toshev, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi:

- Dunyoda 60 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleyasi minbaridan o‘zbek tilida ma’ruza qilgani ona tilimizning xalqaro nufuzi nechog‘lik oshib borayotganini ko‘rsatdi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi deyarli barcha kutubxonalarda o‘zbek mumtoz va zamonaviy adiblarining asarlari elektron shaklga o‘tkazilgan va undan butun dunyo kutubxonalari foydalanmoqda. O‘zbekistonda 100 dan ziyod millat vakillari yashaydi. Ularning barchasi o‘zbek tilida so‘zlasha oladi. Bundan tashqari, Samarqand viloyatida 8 ta milliy-madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.

Parizod Rahmatullayeva:

- Mening Isroilda ish boshlaganimga o‘n yildan oshdi. Lekin bir kun ham Vatanimdan, onam va yaqin qarindoshlarimdan aloqani uzganim yo‘q. Ziyoli oilada kamolga yetganim uchun o‘z qishlog‘imning faxri bo‘lgan Islom shoir Nazar o‘g‘li dostonlaridan, shoira Zulfiya Mo‘minova she’rlaridan yod aytib yuraman. Uyimda ham o‘zbek tilida gaplashamiz. Men tilimizning nafosatidan zavqlanaman, qudratidan faxrlanaman. O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Feruza Mahmudova bizlar bilan tez-tez uchrashib, suhbatlariga chorlaydi. Vatanimiz, yuksalib borayotgan shaharlarimiz haqida gaplashib olamiz. Samarqand haqidagi xabarlarni, u yerdagi o‘zgarishlarni ijtimoiy tarmoqlarda qiziqish bilan kuzatib boraman.

Madina Adiyeva:

- Bugungi onlayn davra suhbatida qatnashayotganimdan xursandman. Ona tilimiz haqidagi bilimlarim yanada boyidi. Ayniqsa, Polina xonimning o‘zbek tilida burro-burro gapirishi meni hayratga soldi. Musofirlikda yurtingdan kelgan har bir xushxabar, ona tilingda aytilgan har bitta so‘z ko‘nglingni tog‘dek ko‘taradi.

Nodira Bobojonova:

- Isroilga kelib, juda ko‘p do‘stlar orttirdim. Albatta, to‘planganda, suhbatlashganda bir-birimiz bilan o‘zbek tilida muloqot qilamiz. Yurtimizdagi voqealarni ham kuzatib boramiz. Mana bugungi davra suhbat ishtirokchilarining izhorlarini eshitib, ona tilimizda yangragan latif, samimiy tilaklarni tinglab, to‘lqinlandim.

***

Davra suhbatida mamlakatimiz elchisi Feruza Mahmudova ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Vatandoshlar bilan milliy sanalar, jumladan, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari munosabati bilan turli tadbirlarni birgalikda tashkil etishga kelishib olindi.