Til - millat ko‘zgusi. Uni asrash, rivojlantirish millatning yuksalishi ham demakdir

Prezidentimiz Sh.Mirziyeyovning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida 1989 yil 21 oktyabr kuni –“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan sanaga alohida to‘xtalib, “O‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning  davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi” deb ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi ham oshib bormoqda. Fikrimizcha, qaysiki millat o‘z ona tiliga nisbatan hurmat tuyg‘usini tuymasa, bu millatning kelajagi ham yuksaklikka yuz tutishi dargumon.

Vatanni sevish va ona tilimizni hurmat qilish, millatning o‘zligini belgilovchi, bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydigan tushunchalardir. Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, tilimizning sofligini saqlash, ushbu bebaho boyligimizni kelajak avlodga meros qoldirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ijobiy sa’y-harakatlar bilan bir qatorda ayrim muammolar ham borki, bizni xavotirga solib, muammo yechimi borasida bosh qotirishga majbur qiladi. 

Kundalik turmushimizda, ish joyida, oila davrasida, turli darajadagi tadbirlarda o‘zbek tilida so‘zlashar ekanmiz, o‘zimiz bilib-  bilmagan holda yoki urfga aylangani sabab ayrim tilimizga yot so‘zlarni, jumlalarni rus yoki boshqa xorijiy tillarda qo‘shib gapiramiz.  Xususan, poytaxt ko‘chalarida yurgan vaqtimizda ham savdo do‘konlari peshtoqiga ilib qo‘yilgan turli xorijiy tillarda yozilgan peshlavhalar yoki imloviy xatolar bilan to‘lib toshgan e’lonlarni ko‘rib ta’bimiz xira bo‘ladi.  

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi? “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezidenti farmonining birinchi qism, 1-bandi, “a” kichik bandining oxirgi xatboshisida belgilangan talablar, ya’ni davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish hamda davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash bilan bog‘liq bandlari qay darajada ijro qilinmoqda?

Qachonki, o‘zbek millati vakili bo‘la turib, o‘z ona tilimizda sof va ravon so‘zlasha olmas, yosh avlodni ona tilimizga hurmat ruhida tarbiyalamas ekanmiz, tilimizga yot unsurlar, so‘zlar kirib kelishda davom etaveradi.

Mazkur Qonunning 7-moddasi 1-bandida belgilangan qoidalarga ko‘ra, davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etilishi lozimligini qayd etadi.

Agar, o‘zaro muomala vositasi sifatida norasmiy so‘zlashuvlar bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar Qonun normalari bilan tartibga solinmas ekan, unda ona tilimiz sofligini, jozibadorligini qanday asrab qolamiz? Fikrimizcha, tilimizning sofligini saqlashga, xalqimizni ona tilimizda so‘zlashishiga qonun yo‘li bilan majburlash vositasida emas, balki ma’naviy tarbiya, ta’sirchan targ‘ibot mexanizmlari bilan  rag‘batlantirish orqali erishish mumkin.

“Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezidenti farmonining 1-ilovasi  bilan tasdiqlangan 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasining o‘zbek tilini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida quyidagi maqsadli vazifalarga erishishni nazarda tutadi:

- o‘zbek tilining mamlakatimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish;

- o‘zbek tili ta’limini takomillashtirish, yoshlarni milliy hamda umuminsoniy an’ana, qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosidan g‘ururlanish va ularni yanada boyitish ruhida tarbiyalash;

- jamiyatda o‘zbek tiliga (davlat tiliga) hurmat-e’tibor va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish;

- mamlakatimizda har bir fuqaroning davlat tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga erishish.

Bunda, avvalo, mamlakatimiz kelajagi yosh avlodning ma’naviy yuksakligi bilan chambarchas bog‘liqligini e’tirof etgan holda maktabgacha ta’lim bosqichidayoq farzandlarimizga o‘zbek adabiy tili imlo qoidalarini o‘rgatish maqsadga muvofiq.

Biroq, keyingi vaqtlarda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga xorijiy tillarni o‘rgatish borasida turli-tuman uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilayotgan bir vaqtda, sof o‘zbek abadiy tilida so‘zlashishni ularning ongiga singdirish borasida ishlar e’tibordan chetda qolmoqda.

Shu o‘rinda Prezidentimizning yuqorida qayd etib o‘tilgan ma’ruzalarida “Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, ulug‘ alloma,                   XX asr boshida olti tilli  - o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan Ishoqxon Ibratning mana shu hikmatli so‘zlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat - bu vataniy ishdir” 

Shunday ekan, o‘z ona tilida so‘zlashishdan g‘urur tuyg‘usini tuymagan avlod, vatanini ham shu darajada qadrlashi va o‘zining shu el vakili ekanligidan faxrlanishi amrimahol.

Shu o‘rinda, adabiy til sofligini, unga turli yot unsurlar aralashmasligini saqlash, nutq madaniyatini oshirish borasida ommaviy axborot vositalarining ta’sir kuchi ham yuqoriligini alohida qayd etib o‘tish joiz. Xalq ichiga chuqur kirib borgan ommaviy axborot vositalari, xususan, nodavlat teleradiokanallari orqali efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvlar, kino va seriallar, hattoki ayrim yangiliklar dasturlarida ham sof adabiy tilda emas, balki turli mahalliy til lahjalarida gapirish, jamoatchilikning haqli e’tirozi, ijtimoiy tarmoqlarda esa munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Kelajakda bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Gulnora Xudoyberdiyeva,

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi dotsenti.

D.Qandahorova,

katta o‘qituvchi.