Ijodkor adabiy tilda gapirishi va yozishi shart
Bu gap viloyat Matbuot uyida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi oldidan “Adabiy tilimiz buguni va ertasi: muammo va yechimlar” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida aytildi.
Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari, tuman va shahar gazetalari muharrirlari, muxbirlar hamda Samarqand davlat chet tillari institutining xalqaro jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari ishtirok etdi.
- Keyingi yillarda yurtimizda ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, - deydi Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev. - Pirovardida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tibori tubdan yuksalib bormoqda. Buni o‘tgan qisqa davrda mazkur yo‘nalishda qabul qilingan qator qonun, farmon va qarorlar samarasi misolida barchamiz yaqqol ko‘rib turibmiz. Xususan, 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilanishi muhim tarixiy voqelik bo‘ldi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti Mardon Boltayev adabiy tilimizning buguni haqida to‘xtalar ekan, ijodkor, adabiy tilda gapirishi va yozishi shart ekanligiga alohida urg‘u berdi. Chunki ba’zi hollarda jurnalist, suxandon, boshlovchi, ijodkorlar tomonidan til qoidalariga amal qilmaslik va uni buzib ishlatish kuzatilmoqda. Bu kabi xolatlarni ko‘proq televideniye va radioda va internet nashrlarida berilayotgan vidiolavhalarda ko‘rish va eshitish mumkin. Aslida buning ildizi maktabgacha ta’lim, maktab va oliygohlarda dars berayotgan o‘qituvchilarga borib taqalishi ham afsuski ayni haqiqat. Ba’zi xolatda turli shevalarda so‘zlashishi bora-bora yozuvlarga ko‘chmoqda, bu esa aholini chalg‘itmoqda. Bu, albatta, turli muammolarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lyapti. Uning yechimi bor, buning uchun bog‘chada, maktabda, oliygohlarda o‘quvchidan 3 yoki 4 oyda qayta-qayta insho yozdirishni yo‘lga qo‘yish lozim. Buni ayniqsa, ishga qabul qilinadigan talabgordan va ayni paytda ishlayotgan ishchi-xodimlardan olish kerak va uning ijrosi nazorati ham kuchaytirilsa maqsadga muvofiq bulardi.
Shuningdek, domla o‘zbek tiliga asoslangan lotin yozuvidagi ayrim o‘zgarishlar va uni qo‘llash tartiblarini aniq misollar orqali tushuntirib berdi.
Tadbir yakunida ikki nafar jurnalistga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ham topshirildi.
Husan Eltoyev.