Test sinovlari o‘tkaziladigan binolar tayyormi?

Viloyatimizda 2025-2026 o‘quv yili qabuli uchun 72 ming 306 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashishi ma’lum bo‘ldi.
Test sinovlari uchun jami 6 ta bino, ya’ni Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi binosi, SamDU akademik litseyi sport zali, sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport majmuasining 3 ta sport zallari hamda O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti sport zallari tanlab olingan.
Ushbu sport majmualarida o‘tgan yillarda ham test sinovlari tashkil etilgan bo‘lib, bir smenada 124 guruhda 3720 nafar abituriyentga mo‘ljallangan binolarning reja-chizmalari ishlab chiqilib, yetarli stol-stullar bilan ta’minlandi.
Bugungi kunda barcha binolar 360 gradusga aylanuvchi videokuzatuv kameralari bilan jihozlandi.
Test sinovlari o‘tkaziladigan hududda Bilim va malakalarni baholash agentligining bosh shtabi, tibbiyot punktlari uchun xonalar ajratildi.
Abituriyentlar yetarli miqdorda (0,5 litr) ichimlik suvi va ruchkalar bilan ta’minlanadi hamda ularning to‘planish joylarida soyabonlar tashkil etiladi.
Samariddin SUYuNOV,
Bilim va malakalarni baholash agentligi
Samarqand viloyati bo‘limi mutaxassisi.