Samarqandda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari uchun imtihonlar boshlandi
Bugun Samarqand shahrida viloyatdagi ixtisoslashtirilgan maktablar uchun qabul imtihoni bo‘lib o‘tmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul imtihoni respublika bo‘yicha barcha viloyatda bir vaqtda, ya’ni soat 8:00 da boshlandi.
Bu yil respublika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, Prezident maktablari va al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga jami 244 mingdan ortiq o‘quvchi hujjat topshirgan. Shundan Samarqand viloyatidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga 13 122 nafar, Prezident maktabiga 5989 nafar, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Samarqand filialiga 7304 nafar o‘quvchi ariza bergan.
Ixtisoslashtirilgan maktablar uchun imtihon bir bosqichda bo‘lib, unda 25 ta matematika, 15 ta ingliz tilidan, jami 40 ta test savollari beriladi. Imtihon har kuni uch smenada o‘tkaziladi va 90 minutdan vaqt beriladi. Ixtisoslashtirilgan maktablarga asosan 5- va 7-sinf o‘quvchilari qabul qilinadi.
Imtihonlar 10 iyulgacha davom etadi. 10 iyul kuni ma’lum sabablarga ko‘ra imtihonga kelolmagan o‘quvchilar test topshiradi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqanddagi Prezident maktabiga qabul imtihonlari 7 iyul kuni boshlanadi.