Samarqandda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha imtihonlar boshlandi, 9 nafar talaba imtihondan chetlatildi

Samarqand shahrida 2024-2025 o‘quv yili uchun xorijiy, nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan respublikamizdagi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Viloyat bo‘yicha 2514 nafar talaba o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirgan. Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, imtihonning birinchi navbatida 1 nafar talaba o‘ringa o‘rin kirishga uringani va 8 nafar talaba telefon olib kirgani uchun imtihondan chetlatilgan.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha tashkil etilgan test sinovlarida talabgorlar 2 ta asosiy (30 tadan savol) va 3 ta majburiy fanlardan imtihon topshiradi. Test sinovlariga 3 soat vaqt beriladi.
Imtihonda o‘tish ballarini to‘plagan talabalarga o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirishga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha tashkil etilgan test sinovlari 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.