Avval test, so‘ng tanlov: Abituriyentlar uchun imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi

Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, oliy o‘quv yurtiga qabul jarayonlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Avvalgi yildan boshlab, davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar shu tamoyilga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi. Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.
Oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqichda abituriyentlar 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi. Ya’ni, o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishiga topshirishini tanlaydi. O‘ylab olish, tahlil qilish uchun 15 kun vaqt bo‘ladi.
O‘qishga kira olmaganlar nima qiladi?
Mabodo abituriyentlar oliygohlarga kira olmasa, unda testda to‘plagan bali bilan kollej yoki texnikumni tanlashi mumkin. O‘qishga kira olmaganlar uchun kollej yoki texnikum tanlashga OTMlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng yana 10 kun muddat beriladi.
Shuningdek, Prezident farmoniga muvofiq joriy yilda ilk marta 2025/2026 o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.
Bunda fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishda ushbu fandan test sinovi o‘tkazilmaydi. Abituriyentlar belgilangan darajadagi sertifikatni taqdim etishlari lozim.
Birinchi fan sifatida aniq ko‘rsatilgan ingliz, nemis va fransuz tillaridan ayni shu fan bo‘yicha, birinchi fan “Chet tili” ko‘rsatilgan ta’lim yo‘nalishlariga esa, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun tasdiqlangan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatlardan birini taqdim etish talab etiladi.
Samariddin Suyunov,
Bilim va malakalarni baholash agentligi
Samarqand viloyati bo‘limi mutaxassisi.