Avval test, so‘ng tanlov: Bu nima degani?
2024-2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlarida yangiliklar bor. Test sinovlari qanday o‘tkazilishi va qay tartibda olinishi borasida Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i Vohid SIRLIBOYeVga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.
- Vohid aka, bu yilgi test jarayonlari qachondan boshlanadi? Joriy yilda davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari qanday tartibda olinadi?
- Bu yilgi qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi, birinchi bosqichda abituriyentlar 5 iyundan 25 iyungachada onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Ular ro‘yxatdan o‘tishda fanlar majmuasi, ta’lim tili, test topshirish hududini tanlaydi. Test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Test sinovlari to‘liq yakunlangach, 15 kun muddatda ikkinchi bosqich amalga oshiriladi. Bunda abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli, tanlov ustuvorligini tanlash imkoni beriladi.
2024-2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi. Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. Ya’ni, abituriyentlarga avval test sinovlarida o‘z bilimlarining balini bilgan holda, so‘ngra o‘zlari xohlagan ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati berilyapti.
Bu yilgi test sinovlarida abituriyentlar oldingi yildagi kabi ikkita asosiy fan va uchta majburiy fanlardan test topshiriqlari topshiradi. Baholash mezonlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
- Test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlar qanday hujjatlar topshirishi kerak? Kimlar hujjat topshirishda to‘lov qiladi?
- Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida pasport, to‘liq o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat yoki diplom, imtiyoz beruvchi sertifikat yoki tavsiyanomalarini ilova qilishlari kerak bo‘ladi. Bu yilgi qabul jarayonlarida ham oldingi yillardagi kabi joriy yil bitiruvchilari, nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotidagi, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxslar va ularning farzandlari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar ham test sinovlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi. Yuqorida keltirilgan toifadan boshqa abituriyentlar test sinovlarida qatnashish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. Abituriyent my.uzbmb.uz tizimi orqali xorijdan turib ham onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin, bunda o‘z shaxsiy kabineti orqali test sinovlari uchun to‘lovni amalga oshirib, belgilangan sanada, o‘zi xohlab ko‘rsatgan manzilda test sinovlarida ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.
- Abituriyentlar avval test topshirib, keyin oliy ta’lim muassasasini tanlasa, ba’zi oliy ta’lim muassasasiga ko‘p, ayrimlariga kam talaba qabul qilinmaydimi? Bu masalaning yechimi qanday bo‘ladi?
- Yo‘q, aksincha, yuqori ball to‘plagan abituriyentlar oldingi yillarda o‘tish ballari yuqori bo‘lgan nufuzli OTMlarni tanlov qilsalar, nisbatan pastroq balli abituriyentlar o‘zlarining tanlovdagi imkoniyatlari qarab tanlov qilishadi. Asosiy maqsad bilimli yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olishga qaratilgan.
- Prezident farmonida davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinishi aytilgan. Bu nima degani?
- Joriy yil qabulidan boshlab, davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi. Ya’ni, bundan buyon davlat grantlari falon oliy ta’lim muassasasi uchun berilmasdan, balki ta’lim yo‘nalishi uchun ajratiladi. Aniqroq qilib aytganda, eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar qaysi OTMga tanlov qilganidan qat’iy nazar grant asosida o‘qishga kiradi. Ushbu tartib bo‘yicha endilikda ayrim OTMlarda bironta ham grantga kirgan talaba bo‘lmasligi mumkin.
- Shuningdek, farmonda davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi, deyilgan. Buni qanday tushunishimiz kerak?
- Farmondagi davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi, deyilishi davlat grantlari iqtisodiyotimizning real tarmoqlari bo‘yicha har tomonlama bilimli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda yuqoridagi bilim sohalariga ajratilishi nazarda tutilgan.
- Test sinovlari yopiq binolarda o‘tkaziladimi yoki ochiq binolarda?
- Bu yilgi test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan yopiq pavilonlar, sport zallari reja-chizmalar tasdiqlangan. Hozirda Samarqand viloyatida katta sig‘imli yopiq binolar (Sh.Rashidov nomidagi SamDU akademik litseyi sport zali, Jismoniy madaniyat fakulteti sport zali, Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 4 ta sport zallari, Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati 3 ta sport zallari) o‘tkazish rejalashtirilgan. Hozirda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.