“Yashil makon”: Bu yil kuzda Samarqandda 10,2 million tup ko‘chat ekiladi
Yurtimizda “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi boshlandi. Joriy yil kuzda o‘tgan yillardagidan farqli ravishda 10 million 208 ming tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha reja belgilab olingan (o‘tgan yillarda bahorda 10 million tup, kuzda esa 6,5 million tup ko‘chat ekilardi).
Viloyatdagi 10 ta o‘rmon xo‘jaligi va xususiy sektor tomonidan kuz mavsumi uchun 14 million tup ko‘chat zaxirasi yaratildi.

Barcha tuman va shaharlar hududida ko‘chat yarmarkalari tashkil qilinib, ilmiy, amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda. Bugungi kunda Samarqand shahri va Samarqand tumani hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘li yoqalarida ko‘chat yarmarkalari tashkil qilingan. Bulung‘ur, Past Darg‘om, Oqdaryo, Urgut, Paxtachi tumanlarida seminarlar tashkil etildi.
Prezidentimizning 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston - 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari hamda Past Darg‘om, Samarqand va Nurobod tumanlarida “Yashil belbog‘”lar tashkil etiladi. Barcha shahar va tuman hokimliklari tomonidan 16 ta hokimlik bog‘lari hamda soyali-sayil ko‘chalar barpo etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 martdagi “Jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqilgan "Mening bog‘im" loyihalarini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan, “Mening bog‘im” loyihasi doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlarida tashabbusli byudjet portali orqali 16 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ularga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shunga asosan “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari” barpo qilinadi.

Atrof-muhitga ta’siri xavfli sanoat korxonalari tomonidan kuz mavsumida 194 ming tup hamda 12 ta chiqindi poligoni atrofida 15 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “Yashil belbog‘”lar barpo etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 martdagi farmoyishiga asosan, YuNESKOning 80 yilligi munosabati bilan joriy yil kuz mavsumida Samarqand shahar “Qorasuv” maskanida 5 gektar maydonda 1,5 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, “Yashil bog‘” barpo qilindi.
Ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish maqsadida 32 ta sug‘orish qudug‘i va 64 kilometr masofada sug‘orish tarmoqlari tortiladi.

O‘tgan yillardan farqli ravishda ekilgan har bir ko‘chatni parvarishlash uchun aniq mas’ullar biriktirilib, nazorat qilinmoqda. Doimiy suv bilan ta’minlash uchun tomchilatib sug‘orish tizimlari, agarda buning imkoni bo‘lmasa, tashib sug‘orish tizimlari joriy qilinmoqda. Ekilgan nihollar, buta yoki daraxt ko‘chatlari bo‘yicha mas’ul biriktirilmagan taqdirda ko‘chat ekilmagan hisoblanadi va elektron bazada qabul qilinmaydi. Shu bois har bir ekilgan ko‘chat qat’iy nazoratga olinadi.
Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish va belgilangan vazifalar ijrosini to‘liq ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olingan.
Sherali Iskandarov,
viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmati rahbari.