“Yashil makon” mavsumiy tadbir emas, ezgu tashabbus bo‘lishi lozim

Prezidentimiz shu yilning 21 oktyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, yashillikni 2030 yilgacha 30 foizga yetkazish bo‘yicha marra olinganini ta’kidladi.

Joriy yil bahorida 138 million tup ko‘chat ekilgani, yil boshidan 10 ming gektardan ziyod “yashil belbog‘”, 257 ta “vazirlik” va “hokimlik” bog‘lari barpo qilingani qayd etildi.

O‘zbekistonning bu boradagi ishlarini Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijroiya organi alohida e’tirof etdi.

Yig‘ilishda yashillik darajasini oshirish bo‘yicha islohotlarni ko‘p rahbarlar tushunib yetmayotgani aytib o‘tildi. Bahor mavsumida 28 ta tuman ko‘chat ekishda rejani bajarmagani tanqid qilindi. Iqlim sharoitini hisobga olmasdan, suv yo‘q joylarga daraxt ekilgani uchun minglab tup ko‘chat ko‘karmagan.

Masalan, sug‘orish tizimi yo‘q joyga ko‘chat ekilgan. Hisobotga qo‘shib yozish eng ko‘p Buxoro, Toshkent, Andijon, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida va Toshkent shahrida qayd etilgan.

"Yashil makon" nima uchun bunchalar dolzarb  

Bir gektar maydondagi daraxt bir kecha-kunduzda 220-275 kilogrammgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor o‘rtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan ta’minlashga yetadi.

Daraxtlar faqatgina kislorod manbai emas. Daraxt va butalar shovqinni yutib, havodagi changni ham ushlab qoladi.

Shuningdek, daraxtlar atrofning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilaydi, kuchli shamollarni qaytaradi, o‘zidan zararli mikroblarni o‘ldiruvchi fitonsidlar ishlab chiqaradi.

Bir daraxt turining yo‘qolishi 30 turdagi hayvon turlarining yo‘qolib ketishiga sababchi bo‘ladi. Daraxtlar yerni erroziyadan saqlaydi va tuproqni mustahkam ushlaydi. Ularning ildizlari suvni filtrlab, sifatini yaxshilaydi.

Shu va boshqa jihatlardan ko‘chat ekish, yashil hududlarni ko‘paytirishning ahamiyati beqiyos. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlarida bir necha yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda. Lekin ko‘chat ekishni hisobot uchun o‘tkazayotgan mas’ullar va moratoriyga ham qaramasdan daraxtlarni kesish holatlari uchrab turibdi. 

 To‘rt yilda viloyatda 66 million tup ko‘chat ekilgan(mi?)

2021 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikamiz bo‘ylab 200 million tup ko‘chat ekish va bu bilan joylardagi yashil hududlarni 8 foizdan 30 foizga yetkazish rajalashtirilgandi. Viloyatimizda o‘sha yilda loyiha doirasida 16 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. 2022 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatimizda 16 million 388 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, har bir shahar va tumanda 84 gektar maydonda “Yashil bog‘” barpo etildi. Yana “Hokimlik bog‘i”, “Yangi O‘zbekiston bog‘i” “Yashil jamoat parklari” ham tashkil etildi.

Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofoza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Rabbimov viloyatda ko‘kalamzorlashtirish hududlarida 50 kilometrdan ziyod sug‘orish tarmoqlari qazilishi va 30 ta yer osti suv chiqarish quduqlari qayta tiklanishini bildirgandi. Shuningdek, shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalariga 6,95 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirib, respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ko‘kalamzorlashtirish ishlarida foydalaniladigan 8 ta maxsus texnika xarid qilinishini aytgandi. Reja ijrosiga ko‘ra, viloyatimizdagi 18 foizli ko‘kalamzorlashtirish darajasi yaqin orada 30 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Hisobotlarda keltirilishicha, o‘tgan yil bahor va kuz faslida 17 million tup ko‘chat ekilgan. Bu yilgi rejalarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, viloyatimizda to‘rt yilda 66 million tupdan ortiq ko‘chat ekilgan. Lekin ko‘chat ekish ko‘zlangan maqsadning bir qisminigina tashkil etadi. Rejaga ko‘ra, ko‘chatlar asosan fermer xo‘jaliklari, klasterlarning dala chetlaridagi ihota maydonlar, obodonlashtirish boshqarmalari, o‘rmon fond yerlari, avtomobil va temiryo‘l, daryo, kanal, ariq-zovur bo‘ylari, ta’lim, tibbiyot muassasalari tasarrufidagi bo‘sh maydonlarga ekilmoqda. Endi o‘ylab ko‘raylik, har yili yuqorida sanab o‘tilgan sub’yektlarning shuncha ortiqcha va bo‘sh qolgan maydoni bormi, agar bo‘sh turgan bo‘lsa, o‘zlari yerdan unumli foydalanmaydimi, manfaatdor bo‘lmaydimi?

Endi oddiygina hisoblab ko‘rsak. To‘rt yilda birgina viloyatimiz bo‘yicha 66 million tupdan ortiq ko‘chat ekilgan. Mas’ullarning ma’lumotlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, sug‘orish tizimida ham muammo bo‘lmasligi aytilgan. Lekin asosan yo‘l bo‘ylari, dala chetlariga ekilayotgan 66 million tup ko‘chat qani?

Yana bir muhim jihat. Viloyatda shu sohaga ixtisoslashgan bir nechta tashkilot, olimlar mehnat qiladi. Bir necha yil davomida ulardan birortasi qaysi tumanga qanday turdagi mevali yoki manzarali ko‘chat mos kelishi to‘g‘risida ma’lumotlar bermadi. Natijada bo‘sh maydonga to‘g‘ri kelgan ko‘chat ekildi, lekin barchasi birdek ko‘karmadi. Yangilik sifatida xorijdan valyuta hisobiga keltirilayotgan ko‘chatlarning aksariyati iqlimga mos kelmaganligi uchun qurib qolyapti. Ularni mahalliy sharoitga moslashtirish borasida ham biror ma’lumot topilmaydi. Viloyatning tumanlarida iqlim sharoiti bir-biridan farq qiladi. Bir hududda lalmi maydonga, boshqasida suvsizlikka va shamolga chidamli ko‘chatlar ekish lozim. Bizda bo‘lsa barchasiga birdek shumtol, katalpa, lola daraxti, pavlovniya, archa, qrim qarag‘ayi, yapon saforasi kabi daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Ular qatorida iqlim sharoitimizga mos, ko‘p yillar davomida yaxshi o‘sadigan chinor, eman, kashtan, zarang, tut kabi daraxt nihollari ko‘proq ekish foydali emasmi?  

 “Jurnalistlar bog‘i” ham qog‘ozda qoldi 

Yil boshida viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoqlar faollari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Jurnalistlar bog‘i” yaratishdek xayrli ishni boshlagan edi. Buning uchun Samarqand tumani hokimligi Ohalik massivida 1 gektarga yaqin yer maydoni ajratgandi va yangi sharoitni inobatga olib, tuman hududini ko‘kalamzorlashtirish va yanada obodonlashtirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini ta’kidlagandi.

Ajratilgan yer maydoni tog‘ etagida joylashgan va toshloq bo‘lganligi bois, bu yerga katalpa, shumtol (yasen) va qayrag‘och kabi 500 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Ko‘chatlar ekib bo‘lingach, jurnalistlar bu bog‘ni sug‘orish qanday yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha xavotir bildirishdi. Bunga javoban hokimlik mutasaddilari tez kunlarda bog‘ yaqinida quduq qazilib, ekilgan ko‘chatlarni tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilishini aytgandi.

Ammo amalda bunday bo‘lmadi. Jurnalistlar tuman hokimligi va ekologiya boshqarmasi ko‘magida yozda 5-6 marta ko‘chatlarni ko‘chma suv yetkazish mashinalari orqali va ikki marta qo‘lda sug‘ordi. Biroq ko‘chatlarning katta qismi sug‘orish tizimi yo‘qligi bois qurib qoldi.

Ko‘chat ekish bobolardan meros

Aslida ko‘chat ekish ota-bobolarimizdan qolgan an’ana. Qaysi uyda chaqaloq tug‘ilsa, yaxshi kun, to‘y-tomosha bo‘lsa ko‘chat ekiladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq sharafiga ekilgan teraklar kelajakda uy qurishga ishlatilsa yong‘oq va tut daraxtlari mevasi, soyasida bolalar o‘ynashi va asosiysi, ko‘p miqdorda kislorod chiqarishi uchun ekilgan. Bobolarimiz ko‘chat ekishda yerni 40-60 santimetrgacha kovlab, chuqurga bir-ikki hovuchdan arpa va bug‘doy tashlab keyin ekishgan. Chunki arpa va bug‘doy tarkibida fosfor bo‘lib, u ko‘chatni tomir otib ko‘karib ketishiga yordam beradi. Keyin ko‘chatni nihollar uyquga ketish oldidan asosan kuz faslida yoki erta bahorda nihollar uyg‘onmasdan turib ekishgan. Chunki kuzda ekilgan nihol qish mavsumida yerga tez moslashishi, ildizning qulay o‘rnashuvi tufayli bahorga borib bir yil avvalgi ko‘chatlar qatoriga yetib olib, tez o‘sadi. Shu bois, kuzda ekilgan ko‘chatda suvsizlikdan qurib qolish, tomirlarning shikastlanishi kabi muammolar kam uchraydi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasining aynan 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha o‘tkazilishi ham bejiz emas. Chunki shu muddatdan boshlab ayrim turdagi daraxtlar uyquga ketish fazasiga o‘tadi, dekabrda yerning yuzasi muzlashi ehtimoli tufayli ko‘chat ekish samarasiz bo‘ladi. Ammo ayrim hududlarda tezkor hisobot uchun bargi yashnab turgan nihollar ham ko‘chat ekish qoidalariga rioya qilinmasdan ekildi. Bu esa ko‘chatning ko‘karishi ahamiyatsiz, ekilishi muhimligini anglatmayaptimi?

 Daraxtlarni ro‘yxatini tuzish yillar davomida tugamayapti

Nafaqat yangi ekilgan ko‘chatlar, balki ko‘p yillik daraxtlar, 100 yoshdan oshgan noyob daraxtlar hisobi yuritilmayapti. Soha mas’ullari barcha turdagi daraxtlar, ayniqsa 100 yoshdan oshgan daraxtlarning alohida ro‘yxati shakllantirilayotganligini aytganiga ham bir necha yil bo‘lsa-da, hamon bu jarayon tugallangan emas.

Afsuski, bizda hamon daraxtlar, umuman, tabiatga nisbatan e’tibor yomonligicha qolmoqda. Masalan, biror joyda daraxt kesgan qonunbuzarning kesilgan daraxt o‘rniga 10 yoki 100 tup nihol ekkanini ko‘rmaymiz, faqat arzimas jarima solingani haqida xabar beriladi. Bu ham aslida ekologiyaga e’tiborsizlikning mevasi hisoblanadi.

Bahorda ekilgan deyarli 100 ming tup ko‘chat qurib qolgan

Hafta avvalida viloyat hokimligida o‘tkazilgan muhokamada “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024 yil bahor mavsumida ko‘chat ekish ishlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqid qildi.

- Viloyat hududida 2024 yil bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 11 million 619 ming tup ko‘chat ekilib, reja 114 foizga bajarilgan, - dedi E.Turdimov. - Loyiha doirasida bahor mavsumida 96,4 ming tup ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan maydonlarda ekilgan. Sug‘orish tizimining tashkil etilmaganligi va parvarish ishlari amalga oshirilmaganligi sababli ekilgan ko‘chatlarning 200 mingdan ziyodi qurib qolgan. Jumladan, Samarqand va Qo‘shrabot tumanlarida 20 ming, Payariq va Bulung‘ur tumanlarida 19 ming, Urgut va Nurobod tumanlarida 18 ming, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida 15 ming tup  ko‘chat ko‘karmagan. “Yashilmakon.eco” elektron platformasiga ko‘rsatkichlar kiritilishida esa ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgan.

Bahor mavsumida viloyatda 50 ming tup, shundan, Ishtixonda 39 ming, Payariqda 3800, Qo‘shrabotda 3700, Nurobodda 1500 tup ko‘chat platformaga qo‘shib yozilgan hamda ko‘rsatkichlar sun’iy oshirib ko‘rsatilgan.

Atrof-muhitga ta’sir xavfi yuqori I-II toifadagi korxonalar tomonidan “Yashil belbog‘”lar barpo etish ishlari ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Reja Kattaqo‘rg‘on tumanida 69, Paxtachida 53, Bulung‘urda 27 foizga bajarilgan bo‘lsa-da, Ishtixon tumanida mutlaqo bajarilmagan.

Ko‘chat ekish ishlari joyida o‘rganilganda aksariyat ko‘chatlar faqat hisobot uchun, nomigagina ekilganligi hamda ularni parvarishlash tizimi tashkil etilmaganligi oydinlashdi. Jumladan, Payariq tumani Xalqobod va Tomoyrot mahallalarida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonaga kirish qismida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi va 3-son kasb-hunar maktabi tomonidan ekilgan ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ko‘karmagan.

Nurobod tumani markazidagi 4R-53 avtomobil yo‘li yoqasida tuman hokimligi va tuman tashkilotlari tomonidan faqatgina hisobotlarda aks ettirish uchun nomigagina ekilgan 5 ming tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ko‘karmagan, bundan tashqari ko‘chatlar ekilgan hudud yonib ham ketgan.

Jomboy tumanida tijorat banklari tomonidan temir yo‘li yoqasida ekilgan 2 ming tupdan ortiq terak ko‘chati ham faqat qog‘ozda aks etgan, xolos.

Urgut tumani Quyi Kamongaron mahallasida tuman hokimligi tomonidan barpo qilingan “Hokimlik bog‘i” va “Yashil jamoat parki”dagi, shuningdek, Tinchlik va Rahmatobod mahallalari hududida obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ekilgan ming tupdan ziyod ko‘chatlar ko‘karmagan.

Toyloq tumani G‘o‘lba mahallasi 0,25 gektar yer maydonda barpo qilingan “Hokimlik bog‘i”da aholi tomonidan chorva mollari boqilganligi sababli ko‘chatlar payhon qilingan, Birlik mahallasida obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ekilgan 400 tup manzarali daraxtlar qurib qolgan.

Samarqand shahri hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘li yoqasida sobiq YPX post shtabi ro‘parasida viloyat soliq boshqarmasi tomonidan ekilgan 500 tup archa ko‘chatlari nomigagina ekilganligi va parvarish qilinmaganligi sababli qurib qolgan.

Ishtixon tumani hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘li yoqasida “Samarqandyo‘lko‘kalam” korxonasi tomonidan ekilgan 200 tup manzarali daraxt ko‘chatlari, Shayxlarkent mahallasida ekilgan 100 tup mevali daraxt ko‘chatlari ham qurib qolgan.

 Daraxtlar kamaysa ekologik falokat bo‘ladimi?

Dunyoning aksariyat davlatlarida daraxtlar qonun bilan himoyalangan va ularni asrash uchun maxsus tashkilot, jamg‘armalar tashkil etilgan. Lekin bizda yiliga nechta tup daraxt ekiladi, qanchasi parvarishsiz quriydi, kesilgan daraxtlar ko‘proq nimaga ishlatilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q. Yuqorida aytilgan muammolarning aksariyati bilan yuzlashyapmiz, bundan ham yomon holat yuzaga kelmasligi uchun ko‘chat ekishni ko‘paytirishimiz va parvarishiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Ko‘chat ekishni rasmiyatchilikdan an’anaga aylantirib, kelajak avlod uchun ham hozirdan yashil qalqon yaratish bizning vazifamiz.

   O‘ktam Xudoyberdiyev.