“Yashil makon”: Samarqandda 62 nafar mansabdor e’tiborsizligi uchun jarimaga tortilgan
Viloyat ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, e’tiborsizligi oqibatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxtlarga ziyon yetkazgani uchun 62 nafar mansabdorlar 221 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Bu boshqarma va uning shahar-tumanlar inspeksiyalari davlat inspektorlari tomonidan joriy yilning iyun-iyul oylarida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish ishlari amalga oshirilishi bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan.
Shu bois, o‘zlariga tegishli bo‘lgan hududlarda ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash choralarini ko‘rmagan 62 nafar mansabdorlarga nisbatan jami 221 mln. so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
“Eslatib o‘tamiz, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki o‘zlariga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 79-moddasi 3-qismiga asosan mansabdor shaxslarga BHMning o‘n barobaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deyiladi boshqarma xabarida.