Samarqandda "Sabanto‘y" ko‘tarinki ruhda nishonlandi
Samarqand shahridagi "Nurafshon" madaniyat saroyida tatar va boshqird xalqlarining an’anaviy "Sabanto‘y" bayrami bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir bahorgi dala ishlarining yakunini nishonlash maqsadida tashkil etildi.
Viloyat hokimligi hamda shahar madaniyat bo‘limi ko‘magida, "Umirzaya" tatar va boshqird madaniyat markazi tomonidan o‘tkazilgan bayram kechasi o‘zgacha shukuh bilan boshlandi. Tadbir dasturi juda boy bo‘lib, unda mehmonlar uchun hunarmandlar yarmarkasi va milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Bayramning badiiy qismida tatar va boshqird xalqlarining an’anaviy kuy-qo‘shiqlari yangradi. Shuningdek, tadbirga kelgan Turk milliy madaniyat markazi vakillari ham o‘zlarining jozibali milliy qo‘shiqlarini ijro etib, davraga yanada ko‘tarinkilik ulashdi.
Ishtirokchilar xalq sayli muhitida bir-birlari bilan do‘stona suhbat qurib, boy madaniyatlar uyg‘unligidan bahramand bo‘lishdi.
Mazkur bayram turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik hamda o‘zaro hurmat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Baxtiyor Mustanov.