"Yashil makon": Samarqandda "Yashil bog‘", "Yashil belbog‘", "Hokimlik bog‘i" tashkil etilyapti
"Yashil makon" umummiliiy loyihasi doirasida yil yakunigacha viloyatimizning 7 ta tuman-shaharida 28,4 gektar maydonda “Yashil bog‘”lar barpo etilishi bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
Ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun 16 ta quduq qazilib, 26 kilometr masofada irrigatsiya tizimi yaratiladi va joriy yilda 5 ta maxsus sug‘orish texnikasi xarid qilinadi.
Viloyatdagi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatayotgan 58 ta sanoat korxonasi tomonidan 75 ming tup daraxt ko‘chati ekilib, “Yashil belbog‘” yaratiladi. Bugungacha bu kabi korxonalar tomonidan 48 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, rejaga asosan 16 ta shahar va tuman hokimliklari tomonidan 34 ta “Hokimlik bog‘lari” tashkil qilinadi. Hozirgacha Past Darg‘om va Narpay tumanlari hokimliklari tomonidan 800 tupdan ortiq ko‘chat ekilib, shunday bog‘lar tashkil etildi.
Bundan tashqari, yil yakuniga qadar 64,15 gektarda “Yashil jamoat parklari” barpo etiladi. Buning uchun barcha zaruriy hujjatlar qabul qilinib, kerakli yer maydoni ajratilgan.