Binolar imtihon o‘tkazilishi uchun shay holatga keltirildi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga kirish imtihonlari jarayoniga qizg‘in hozirlik ko‘rildi.
Jumladan, Samarqand viloyatida imtihon jarayonini o‘tkazish uchun 5 ta bino shay holatga keltirilgan. 2025-2026 o‘quv yili uchun viloyatda 25 ming nafarga yaqin o‘quvchi hujjat topshirgan. Ularning 5 ming nafarga yaqini Prezident maktabiga kirish istagida.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga 2025/2026 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 1 iyundan – 20 iyunga qadar onlayn shaklda my.gov.uz va ariza.piima.uz platformalari orqali amalga oshirildi.
Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari tomonidan hujjatlar topshirish jarayonida ularga ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birini qo‘shimcha tanlash imkoni berildi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga asosan Agentlik tizimidagi Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari barcha sharoitga ega katta sig‘imli 61 ta yopiq binolarda o‘tkazilishi belgilangan.
Mana shunday issiq kunlarda o‘quvchilarga va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida imtihon binolarida sovutish tizimi ishga tushirilgan, ota-onalar uchun soya-salqin joylarda kutish joylari, yengil ovqatlanish shoxobchalari tashkil etilgan. Bu o‘z navbatida o‘quvchilarning xotirjam imtihon topshirishini ta’minlab, ota-onalarning salqin joylarda turib test2025.uz sayti orqali farzandlarini imtihon jarayonlarida onlayn kuzatib turish imkonini beradi.
O‘quvchilarning har biri qalam, ruchka, o‘chirg‘ich va ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, imtihon uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, kirish imtihonlariga Milliy gvardiya, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari ham jalb qilingan bo‘lib, jamoat tartibini saqlash, ishtirokchilarning salomatligi bilan bog‘liq holatlarda beminnat yordam bermoqda.
Agentlik tizimidagi maktablarga kirish imtihonlari 12 iyul kuniga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida bugungi kunda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 2 ta sport maktabi hamda 185 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat ko‘rsatyapti. Joriy yil hududlarda yana 17 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning biri Bulung‘ur tumanida tashkil etildi.
Jahongir ISMOILOV,
Agentlikning Prezident maktablari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi.