Jon Legend Registonda kuylaydi
Shu yilning 8 iyun kuni Samarqand shahridagi Registon maydonida dunyoning eng mashhur musiqachi va qo‘shiqchilaridan biri Jon Legendning konsert dasturi o‘tkaziladi.
Haqiqiy ismi Jon Rojer Stivens bo‘lgan Jon Legend amerikalik qo‘shiqchi, bastakor, pianinochi va prodyusser hisoblanadi. U 1978 yilda AQShning Massachusets shtati Springfiyeld shahrida tug‘ilgan.
Jon Legend sol, R&B va pop janrlaridagi qo‘shiqlari bilan tanilgan. Betakror ovozi va pianino ijrosi uni zamonaviy musiqaning eng nufuzli qo‘shiqchilaridan biriga aylantirgan. Bir necha marta “Gremmi”, “Oskar”, “Toni” va “Emmi” mukofotlari sovrindori bo‘lgan.
O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan konsert dasturi mamlakatimizni nufuzli global tadbirlar o‘tkaziladigan joy sifatida targ‘ib qilish hamda yurtimizning turizm salohiyatini yanada oshirish xizmat qiladi.