Zarafshondagi suv ayirg‘ich – Shayboniylar davri yodgorligi

Samarqand shahrining ostonasi Cho‘ponota tepaligi oldidan o‘tayotganingizda Zarafshon daryosi bo‘yida g‘ishtdan qurilgan qadimiy ko‘prikka ko‘zingiz tushadi.

Hozir bu yerda temir yo‘l va atrotransport vositalari uchun ikkita katta ko‘prik borligi sababli mazkur inshoot ko‘p ko‘zga tashlanmaydi. Lekin bundan besh asr avval Muhammad Shayboniyxon tomonidan Zarafshon daryosi ustida qurilgan va uni Oqdaryo va Qoradaryoga bo‘lgan mazkur suv ayirg‘ich-ko‘prik 7 arkadan iborat bo‘lganini ko‘pchilik bilmaydi.

Umuman, yaqin yillargacha biz Shayboniyxon davlatchiligi va ijodiy faoliyatiga kam e’tibor berganimiz singari uning bunyodkorlik ishlari haqida ham tarixiy manbalarga murojaat qilmaganmiz, ilmiy tadqiqot ishlari olib bormaganmiz.

Xo‘sh, bugun-chi? Shayboniyxon haqida bizga nimalar ma’lum, yana qaysi jihatlarga e’tibor qaratishimiz lozim.

– Shayboniylar davlatchiligi Dashti Qipchoq o‘zbek qabilalaridan boshlanadi va temuriylardan keyin Movarounnahrda qaror topgan kuchli markazlashgan davlat hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat universiteti “Samarqand tamadduni” kafedrasi mudiri, dotsent Sherbek Ravshanov. – Bu vazifani Abulxayrxonning nabirasi, Budoq Sultonning o‘g‘li Muhammad Shayboniyxon amalga oshiradi. Garchi bu maqsad Abulxayrxondan boshlangan, ammo ro‘yobga chiqmagan bo‘lsa-da, boshqa sulolalar singari ushbu vazifani uning nabirasi Muhammad Shayboniyxon bajaradi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Shayboniyxon jismoniy jihatdan baquvvat, harbiy tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan. Tug‘ilganda unga turkiylar odatiga ko‘ra ikkita – Muhammad va Shayboniyxon ismlari qo‘yilgan. Abulxayrxon uni Shohbaxt deb ham atagan.

Shayboniyxonning hayoti bir umr jangu jadallar, navkarlik va sarkardalik bilan kechgan, desak xato bo‘lmaydi. Bir nechta hukmdorlarga navkar, qo‘shin boshlig‘i sifatida xizmat qilgan. Hatto temuriylar saroyida xizmat qilgan. Juda katta hayotiy tajriba to‘plagan.

Shayboniyxon o‘z qo‘shini bilan Mo‘g‘uliston, Movarounnahr hamda Xorazm hukmdorlariga xizmat qilib, ularning tashqi va ichki raqiblariga qarshi kurashadi. Bu kurashlarda Shayboniyxon o‘zining mohir lashkarboshilik qobiliyatini namoyon qiladi. Yozma manbalarda “o‘z xalqi va qavmidan ajralib ketgan odamlar, taxt uchun kurashda yengilsa-da, ammo o‘z huquqidan voz kechmagan va o‘z tarafdorlariga boshchilik qilib, muholiflari bilan qulay fursat poylab kurashadigan sulola vakili” deb qayd etilgan. Temuriy hukmdorlarga xizmat qilish Shayboniyxonga ular davlatidagi vaziyatni yaxshi bilib olish imkonini berdi. Movarounnahr hukmdorlari va zodagonlari uning xizmatidan foydalanishi va manfaat ko‘rishi natijasida Shayboniyxon tez orada mashhur bo‘lib ketadi. Bobosi Abulxayrxon vafotidan so‘ng parokanda bo‘lib ketgan qabilalarni birlashtirdi. Beayov qonli urushlar natijasida 1480 yilda ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. 1487-1488 yillarda Sayram, O‘tror va Turkiston shaharlarini egallab, Movarounnahr yaqinida mustahkam o‘rnashib oldi.

O‘ziga tarafdorlar to‘plagach va temuriylarning o‘zaro kelishmovchiligidan unumli foydalanib, birin-ketin Sirdaryo va Amudaryo bo‘yidagi shaharlarni bo‘ysundirdi. So‘ngra geografik qulayligi va madaniyat, ilm-fan markazi bo‘lgan Samarqandga intildi. Bu yerda uning manfaatlari temuriylar bilan, jumladan, Zahiriddir Muhammad Bobur bilan to‘qnashdi.

– Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor berish kerak, – deydi Sh.Ravshanov. – Muhammad Shayboniyxon va Zahiriddin Muhammad Boburning ham ota-bobolari Xo‘ja Ahror Valiyning muridlari bo‘lgan va bu ikki sarkardaning ham ismini ulug‘ alloma qo‘ygan. Bobur “Boburnomada” Shayboniyxonga nisbatan iliq fikrlarni bildiradi, uni islomga e’tiqodi baland, besh vaqt namozni kanda qilmaydigan shaxs sifatida ta’riflaydi. Shuningdek, uning badiiy ijod bilan shug‘ullanishi, nafis g‘azallar bitgani qayd etiladi.

Yaxshi bilamiz, Alisher Navoiy tashabbusi bilan Hirotda ilm-fan, ijod ahliga yuksak ehtirom ko‘rsatilgan (buni Alisher Navoiy Samarqandga kelgan chog‘larida temuriylardan o‘rgangani aytiladi). Jumladan, tasviriy san’at rivojiga alohida e’tibor qaratib, Kamoliddin Behzod kabi musavvirlarga homiylik qilgan. Kamoliddin Behzod Samarqandga kelib Shayboniyxon saroyida xizmat qilgani haqida ham tarixiy manbalarda ma’lumot uchraydi. U Sa’diyning “Guliston” asariga ishlangan bir miniatyurada Muhammad Shayboniyxon tasvirini chizgan. Ushbu miniatyurada Shayboniyxon ko‘k chopon kiygan, oldida lavh va siyohdon qo‘yilgan holda tasvirlanganki, bu uning ijodga yaqin shaxs bo‘lganidan dalolat beradi.

Biror bir manbaada Samarqand Shayboniyxon davlati poytaxti, deb aytilmagan. Hukmdorning o‘zi “men qayerda bo‘lsam, qayerda ot egari ustida o‘tirgan bo‘lsam, o‘sha joy poytaxt” degan. Lekin baribir Samarqandga mehri, ishtiyoqi boshqacha bo‘lgan va har bir jangu jadaldan so‘ng Samarqandga kelgan, o‘zi yurishlarga chiqadigan bo‘lsa, oila a’zolari va o‘g‘li Temur Muhammadni  shu yerda qoldirgan. Shuning uchun ham Samarqandni obod qilishga, bu yerda masjid va madrasalar qurishga alohida e’tibor qaratgan. Jumladan, Registon maydoi yaqinida ulkan madrasa va maqbari qurdirgani haqida ma’lumotlar bor. Shayboniyxon ta’lim islohotini amalga oshirib, uni avvalo o‘z madrasasida joriy qilgani qayd etiladi.

Shayboniylar dahmasi ham temuriylar maqbarasi kabi ikki qavatli, pastda haqiqiy va tepada ramziy qabrlar bo‘lgan. Ularning soni 16 ta bo‘lib, Muhammad Shayboniyxon va uning sulolasi vakillari shu yerda dafn etilgan. Bu dahma mustabid tuzum davrida yo‘lni kengaytirish bahonasida buzib tashlanib, keyinchalik Sherdor va Tillakori madrasalari o‘rgasida maxsus baland sufaga joylashtirilgan.

Olimning qayd etishicha, Shayboniyxon 1502 yilda Zarafshon daryosida suv ayirg‘ich qurdirdi va daryoni ikkiga Oqdaryo hamda Qoradaryoga bo‘ldi. Mazkur suv ayirg‘ichi o‘sha davr uchun juda mukammal suv inshooti bo‘lib, bu inshoot orqali Samarqand shahrida suv va sel toshqinlarining oldi olingan. Daryoning ikki tomonini bir-biri bilan bog‘laydigan xavfsiz ko‘prik qurildi. Shu inshoot qurilgach, Samarqand shahrini hech qachon suv bosmagan. Suv ayirg‘ich ikki qavatli 7 ta arkadan iborat bo‘lib, uzoq yillar davomida Samarqand ahli va savdo karvonlari uchun xizmat qilgandi. Yillar o‘tishi bilan daryodan kelgan kuchli sellar inshootni yemirib borishi natijasida 4 ta ark vayronaga aylangan. Hozirgi kunda 3 ta arkaning tag kismi va 1 ta ark qismi to‘la shaklda saqlanib kolgan.

Umuman olganda, Shayboniyxon davlatchiligi o‘zbek davlatchiligining ajralmas bir qismi hisoblanadi va uni chuqur tadqiq etish tarixchi va adabiyotshunos olimlar, arxeologlar oldida turgan muhim vazifadir.

G‘olib Hasanov,

Alisher Isroilov.