O‘zi ham, xodimlarga ham diktant yozdirgan muharrir edi

Bir kuni, aniqrog‘i, payshanba kuni yon qo‘shnim Maxfirat ayaning taklifi bilan «Panjob» qabristoniga borib, ayaning rahmatli ota-onasi, aka-ukalari qabrlarini ziyorat qildik. Shunda hamrohim: «Yuring, qo‘shni, men siz bilan yana bir qabrni ziyorat qilamiz», dedi.
Ikkalamiz qabristonning ikkinchi darvozasidan kirish tomonga o‘tdik. O‘shanda ustozim Ahmadjon Muxtorovning qabrlarini ko‘rdim.
- Ustozim shu makonda qo‘nim topganmi?.. - deya sog‘inchimni, hayajonimni yashira olmadim. Qabr toshlariga qo‘ngan g‘uborlarni qo‘limdagi doka bilan artdim. Ko‘zlarimdan sog‘inch yoshlari oqib, yuzimni yuvdi.
Qabriston hovlisiga qo‘yilgan taxtali so‘riga borib o‘tirdim. «Indamaslar makoni»da yotganlar haqiga, ustozim Ahmadjon aka, ota-onalari, o‘tganlarini eslab, ularga bag‘ishlab duoi fotiha o‘qidim.
Ana o‘sha so‘rida o‘tirib, o‘tgan kunlarimizni birma-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tkazdim.
...1967 yilning bahorida «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasi tahririyatiga kotiba bo‘lib ishga kelgandim. O‘sha paytda gazeta bosh muharriri, rahmatli Nuriddin Shukurov edilar. Ko‘p o‘tmay, u kishi universitetga ishga o‘tdi. Otaxon Xo‘jayev va Ahmadjon Muxtorov bosh muharrir o‘rinbosari edilar. Keyin gazeta bosh muharrirligiga Ahmadjon Muxtorov tayinlandi.
Ahmadjon G‘ulomovichning ish uslubi o‘zgacha edi. Ish soatlari qachon boshlanib, qachongacha davom etishini bilib bo‘lmasdi. Tahririyatga kirib kelishlari bilan o‘zlariga xos salobatlari bo‘lardi, ish uslublari o‘zgacha edi. Ko‘pincha ish o‘rinlarida o‘tirmasdan, vaqtlari tahririyatning bo‘limlarida, ayniqsa, mashinistkalar xonasida ko‘proq o‘tardi. Xatlar bo‘limiga kirib (men o‘shanda xatlar bo‘limi hisobchisi, Shoira Zohidova kotiba edi) xatlar hisob-kitobi daftarini so‘rab, ko‘z yugurtirardi. Keyin papkadan nomerlangan xatlarni olib tanishardilar. Gazeta nomiga kelgan xatlarni konvertdan ochib, xatlar hisob-kitobi daftariga o‘tkazib, nomerlab, papkaga solib bosh muharrir yoki o‘rinbosarlari stoliga qo‘yardim. Ular xatlarni mazmuniga, mavzusiga qarab, tegishli bo‘limlarga o‘tkazish uchun har bir xatga tikilgan xatlar hisobini ustiga yozib, imzo qo‘yardilar. Bir kunda 40-50 tadan xat olardik. Har bir kelgan noma nazoratda bo‘lardi. Xatlarni kunlik, haftalik, oylik hisob-kitobi bo‘lardi. Xatlarni shaxsan o‘zlari nazoratiga olgan edilar.
Mashinka xonasiga kirib olib, papkadan xatlarni ko‘zdan o‘tkazib turib, «Xatlardan satrlar», «Qisqa satrlar», «Dalalardan daraklar», «Zarafshon pochtasidan», «Agar sizga aytsak…» kabi qator rubrikalar ostida xatlar bilan ishlardilar.
Bo‘lim mudiri, adabiy xodim, korrektor, “podchitchik” mashinistkalar har bir xodim «men falonchi, mening o‘z vazifam bor», deb o‘tirmasdan tig‘iz paytlarda hamma granka, polosalarni o‘qishga kirishardik. Ahmadjon akaning o‘zlari polosalarni bo‘lib-bo‘lib hammaga taqsimlab berardilar. Hammamiz birdaniga polosa o‘qishga kirishardik. Ertalab soat 8:30-9:00 da hamma ish joyida bo‘lardi. O‘z vazifasini bajarib bo‘lib, granka, polosa o‘qishga kirishardik. Ba’zan kechki soat 10-12 larga gazetaning navbatdagi sonini tayyorlab bo‘lardik. O‘shanda hech birimiz «men charchadim, kech bo‘ldi, ketishim kerak» degan gaplarni ishlatmasdik. Kechasi soat 10-12 larda shofyorlarimiz – Amin aka, Ziyo akalar mashinasida o‘tirib, avval Ahmadjon akani uylariga olib borib, rahmatli Ambar yanga (u kishi ham o‘sha mahal uyqusidan uyg‘onib) tayyorlab bergan dasturxondan taomlarni yedirib, keyin bizni uyma-uy eltib qo‘yardi. Yana ertalab soat 8-9 bo‘lmay ish o‘rnimizda bo‘lardik.
Ahmadjon aka savodxonlikka katta e’tibor berardilar. Bizning gazetamiz respublikamiz bo‘yicha eng savodli gazeta hisoblanardi. Ertalabki «letuchka»larda ham eng avvalo yangi chiqqan gazetaning muhokamasi bo‘lardi. Gazeta sahifasida chiqqan materialning mavzusi, mazmuni, goh-gohida ketgan orfografik xatolar muhokama qilinardi. «Letuchka»da adabiy xodimlar bilan bir qatorda bosh korrektor, bosh mashinistka ham qatnashardi. Gazetada ketgan xato uchun navbatchi muharrir bilan birga, bosh korrektor, mashinistka ham javobgar bo‘lardi. Ba’zan mashinka xonasi devoriga, ya’ni mashinistka o‘tiradigan stol qarshisida, u pechatlagan xato, mashinkadan chiqqan xato, asli pechatlangan varaqni «knopka» bilan yopishtirib qo‘yardilar. Bu biz uchun katta saboq bo‘lardi. O‘sha kuni gazetaga ketgan bitta orfografik xato uchun mashinistkalar orasida bahs-munozaralar bo‘lardi.
Bosh korrektor (musahhih), rahmatli Zubarjad (Zoya) opa: “Qani o‘rtoqlar, bugun bir diktant yozaylik. Hash-pash deguncha o‘n besh kun, bir oy vaqt o‘tibdi. Hamma muharrir xonasiga qog‘oz bilan ruchka olib kirsin. Bugun diktant yozamiz”, dedi.
Shu kuni bosh muharrirdan tortib, oddiy xodimgacha diktant yozardik. Keyin Zubarjad opa hammani yozma ishini tekshirib, xatolarni oshkora e’lon qilardilar.
Ahmadjon Muxtorov zukko, topqir, savodli, mehr-oqibatli boshliq edi. Nafaqat ish joyimizdagi, balki har bir xodimning oilaviy sharoitini ham yaxshi bilardilar, hammaning ahvolidan yaxshi xabardor edilar. Yaxshi kunimizda ham, ta’ziyamizda ham biz bilan bir qator turardilar. Odamiylik, mehr-oqibat u kishida oshib-toshib turardi.
Nafaqaga chiqqan faxriy jurnalist va texnik xodimlardan, bemorlardan tez-tez xabar olib turardilar. Mahalliy komitet a’zolarini ularga biriktirib qo‘ygandilar.
…O‘sha kuni «Lenin yo‘li» gazetasining barcha-barcha xodimlari ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Ilohiy dunyoga rixlat qilganlar haqida duolar qildim.
Shunda Xosiyat Bobomurodova qalamiga mansub «Qalam muborak» she’rini oxirgi misralari yodimga tushdi:
Bu uzun yo‘llarda bo‘ronlar tindi,
Ne boshi osmonlar yo‘qoldi izsiz.
Botirman deganlar, chinorlar sindi,
Siz esa manguga qolasiz so‘zsiz…
Mahbuba ShAROPOVA,
«Shuhrat» medali sohibi.