She’rlarini so‘z emas, yurak bilan yozgan shoir

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida samarqandlik ijod ahli qalbidan munosib joy olgan shoir, dramaturg va jurnalist Jamol Sirojiddin tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda “Samarqand” gazetasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, adabiyotshunos Xondamir Qodiriy, shoirning yaqin do‘stlari, oila a’zolari, taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, ijodkor yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Jamol Sirojiddinning hayot yo‘li, ijodiy merosi, adabiyotda tutgan o‘rni haqida samimiy fikrlar va xotiralar tinglandi.

— Jamol aka qalamning qudratiga, so‘zning ruhiga ishongan inson edi, — dedi shoir Yahyo Tog‘a. — U kishi bilan suhbatlashgan har bir inson o‘zini she’riyat gulshanida sayr qilayotgandek his qilardi. Uning ijodida xalq dardi, yurtga muhabbat, ishq, alam, fojia, nadomat, barchasi bor. Jamol Sirojiddinning she’rlarini o‘qiganingda ko‘ngling titrab ketadi — bu qalbdan chiqqan so‘zlar. Bu insonning insonga bo‘lgan mehri va yurakdan so‘zlagan so‘zidir.

Darhaqiqat, Jamol Sirojiddin o‘z so‘zi, qalbi bilan xalqimizning qalbidan joy olgan kamtar, salohiyatli ijodkor edi. Uning ijodida vatanparvarlik, xalq dardi va insoniy tuyg‘ular ustuvor bo‘lgan.

Tadbir shoir qoldirgan adabiy merosni yoshlar ongiga singdirish ma’naviy boyligimizni asrashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Jamol Sirojiddin faqat qalam bilan emas, yuragi bilan yozgan inson edi. U kishi biz uchun shoir, dramaturg, jurnalist bo‘libgina qolmay, haq so‘zni ayta olgan, ziyolilik timsoli bo‘lgan shaxs sifatida ham qadrlidir.

— Jamol Sirojiddinni ko‘pchilik she’riyat va dramaturgiyadagi faoliyati orqali tanigan, - dedi Chorsha’m Ro‘ziyev. -  Ammo uning tarjimonlik sohasidagi xizmati ham yuksak bahoga loyiq. U she’rnigina emas, balki tuyg‘uni, ruhni tarjima qilardi. Bu har qanday qalam egasiga nasib etmaydigan mahorat. Ayniqsa, rus va tojik adabiyoti klassiklari — Yesenin, Axmatova, Rudakiy va Loyiq Sherali kabi ijodkorlarning ijodini o‘zbek tilida qayta tug‘dirishda u benazir mahorat ko‘rsatgan. Uning tarjimalarida shunchaki so‘zlar emas, balki qalb bor edi.

Tadbir davomida shoirning 70 yilligi munosabati bilan nashrdan chiqarilgan "Ey dil, senga ne kerak?" deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Yakunda Jamol Sirojiddin ijodiga bag‘ishlangan she’riy kecha tashkil etildi. Yosh iste’dodlar uning she’rlaridan parchalar o‘qidi, shoirning she’riyat va dramaturgiyadagi o‘chmas izi yana bir bor e’tirof etildi.

Jamol Sirojiddin hayotdan o‘tgan bo‘lsa-da, uning ruhi, adabiy merosi va qalblarni tirik saqlayotgan so‘zlari orqali tirik. U insonlar xotirasida shoir, dramaturg, jurnalist, va eng muhimi, yuksak ma’naviyat sohibi ziyoli sifatida abadiy muhrlanib qoladi.