Hayoti – ibrat, ilmi – hikmat
Domla Abdinazar Pardayev haqida faqat shunday ta’riflar berish mumkin.
Hayotda kishilar bo‘ladiki, ularning umr yo‘li atrofdagilar uchun ibrat maktabiga aylanadi. Shunday fidoyi, ilmga sadoqatli insonlardan biri — 40 yoshida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan Abdinazar Pardayev.
Avval boshdan aytib o‘tish shart, u kishi uchun ilm kasb emas, balki hayot mazmuni, vijdon masalasi edi. Yoshligidanoq izlanish, mutolaa va mehnatni o‘zining kundalik hayot tarziga aylantirgan domla, yillar davomida ilm yo‘lida tinimsiz harakat qildi. O‘qitish, tadqiqot olib borish, shogird tarbiyalash bilan birga, o‘z ustida ishlashni hech qachon to‘xtatmadi.
Zotan, 40 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishi — tasodifiy yutuq emas, balki sabr-toqat va qat’iyatning natijasi edi. Bu yutuq ortida kechalari uxlamay qilingan mehnat, cheksiz izlanishlar va ilmga bo‘lgan samimiy muhabbat mujassam.
Domla nafaqat yetuk olim, balki yuksak insoniy fazilatlarga ega ustoz ham edi. Kamtarligi, samimiyligi, talabalarga bo‘lgan mehri va adolati bilan ko‘pchilikning qalbidan joy oldi. U kishi har doim “ilm — halollik” deb ta’kidlar, shogirdlarini ham shu ruhda tarbiyalardi.
Bugun Abdinazar Pardayevni xotirlar ekanmiz, uning ilmiy merosi, shogirdlar qalbida qoldirgan ezgu izi va hayotga bo‘lgan ibratli munosabati abadiy ekanini his qilamiz.
- Ustoz faqat olim emas, tarbiyachi, yo‘l ko‘rsatuvchi, qalblarga ishonch ulashgan inson edi, - deydi I.Mamasoliyev. - Talabalar uning darsiga shunchaki baho uchun emas, ma’naviy ozuqa olish uchun kelardi. U har bir yoshda imkoniyat ko‘rar, har bir shogirdga umid bilan qarardi.
Bugun uni xotirlar ekanmiz, uning ovozi, maslahati, samimiy tabassumi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Ustozning ilmiy asarlari javonlarda qolmagan, shogirdlari turli sohalarda uning orzularini davom ettirmoqda.
Darvoqe, o‘sha davrlarda viloyatning chekka hududlaridan ilm egallash uchun kelganlar uchun aspiranturada o‘qish oson emasdi.
Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Abdinazar Pardayevning nafaqat O‘zbekiston, balki butun MDH davlatlarida e’tirof etilgan tilshunos olim bo‘lgani bu qiyinchiliklarni yengishda qo‘l keldi.
Abu Nasr Forobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti qoshidagi Ilmiy kengash, MDH davlatlari uchun rus tilidan yangi darsliklar yaratish bo‘yicha Xalqaro ekspert komissiyasining a’zosi ekanligi, rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari xalqaro assotsiatsiyasiga a’zo etib saylanganligi domlaning salohiyatiga yorqin misol edi.
Muvaffaqiyatli erkak, deganda, odatda, katta yutuqlarga erishgan, o‘z ishida barqaror, oilasi va atrofidagilar uchun tayanch bo‘la olgan shaxs tushuniladi. Shu ma’noda Abdinazar Pardayevning muvaffaqiyatlari zamirida oqila ayolning mehnati, sabri va qo‘llab-quvvatlashi yotganini alohida aytish o‘rinli. Zotan, Xolbuvi Ibragimova o‘zining hoyu-havaslari ortidan yugurmadi. Avvalo, turmush o‘rtog‘ini rozi qilish, turmushni birinchi o‘ringa qo‘yishga intildi. Pirovardida fizika-matematika fanlari nomzodi sifatida Samarqand davlat universitetida talablarga saboq berishga ham ulgurdi.
Bu juftlik besh farzand — uch o‘g‘il va ikki qizni oq yuvib, oq tarab elga qo‘shdi. Ular ilm bilan band bo‘lsa-da, farzandlari tarbiyasini birinchi o‘ringa qo‘yar, ularga halollik, mehnatsevarlik va bilimga hurmat ruhini singdirishga intilardi. Natijada o‘g‘il-qizlari el koriga yaraydigan, muvaffaqiyatli kishilar bo‘lishdi.
Abdinazar Pardayev kamtarligi, samimiyligi, ilmga bag‘ishlangan umri biz uchun ibrat va cheksiz ehtirom manbaidir.
Dilshod MUSINOV,
iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori.