Fermerlar Xitoy tajribasini o‘rgandi

Ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlarini xorijiy davlatlar tajribasi bilan tanishtirish orqali sohada innovatsion yondashuvlarni joriy etish maqsadida respublikamizdagi 70 dan ortiq fermerlardan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safariga yuborildi.

Safar davomida paxtachilik va g‘allachilik sohalarida ushbu mamlakatda qo‘llanilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar, yuqori hosildor va iqlimga mos navlar seleksiyasi, suv va resurslarni tejashga qaratilgan innovatsion yechimlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish, dron va sensor texnologiyalaridan foydalanish amaliyoti chuqur o‘rganildi. Bu jarayonlar fermerlar uchun faqat nazariy bilim emas, balki amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ham xizmat qildi.

Delegatsiya a’zolari Pekin shahrida joylashgan Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi hamda Pekin qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi fanlari akademiyasida tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslarida ishtirok etdilar. Ushbu o‘quv dasturlari doirasida yuqori hosildor, kasalliklarga chidamli navlar, suv tanqisligi sharoitida samarali sug‘orish usullari, o‘g‘itlarni aniq me’yorlarda qo‘llash, yer unumdorligini saqlash va oshirish hamda raqamli monitoring tizimlari keng yoritildi. Ayniqsa, Xitoy tajribasida ilmiy tadqiqot natijalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarishga joriy etish mexanizmining mukammal yo‘lga qo‘yilgani fermerlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Shandun provinsiyasida ham bo‘lib, ushbu hududda qishloq xo‘jaligi industrial asosda, yuqori texnologiyalar va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tizimi orqali rivojlanayotgani bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy traktor va kombaynlar, yuqori unumli yig‘im-terim texnikasi, sensor va dronlar orqali ekinlarni monitoring qilish, tomchilatib va mikro-sug‘orish tizimlarini joriy etish amaliyoti chuqur tahlil qilindi. Bu tajriba qishloq xo‘jaligida texnika va texnologiyalarni kompleks joriy etish orqali hosildorlikni oshirish bilan birga ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish mumkin.

O‘rganilgan tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirib joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash, qishloq xo‘jaligida raqamlashtirishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, ilmiy muassasalar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Shandun provinsiyasida qo‘llanilayotgan texnika va uskunalarni mahalliy ishlab chiqarish yoki import qilish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadga muvofiq, deb topildi.

O‘zbekiston fermerlari kengashi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining qator davlat va xususiy tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Ushbu kelishuvlar qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarini yetkazib berish, innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida amaliy natijalar berishi kutilmoqda.

Shuningdek, xizmat safari davomida O‘zbekiston fermerlari kengashining Xalqaro Ipak yo‘li iqtisodiy alyansiga a’zo bo‘lishi hamda mazkur tashkilot prezidiumi a’zosi va hamraisi etib saylanishi mamlakat fermerlarining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, tashqi bozorlarga chiqish, investitsiya va texnologiyalarni jalb etish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan mazkur xizmat safari qishloq xo‘jaligida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va fermer xo‘jaliklarining bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Endi ushbu tajribalarni respublika hududlarida amaliy seminarlar orqali ommalashtirish, pilot loyihalarni joriy etish va qo‘shma tashabbuslarni izchil amalga oshirish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratildi.

Zokir Mamadaliyev,

Farxodjon Kenjayev,

Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakillari.